ovchiayiqBir zamonlari ovchi bo'lgan ekan. U ovchilik sir-asrorlarini mukammal egallagan bo'lib, qo'ygan tuzog'i hech vaqt o'ljasiz qolmas edi. Xullas, kunlardan bir kuni ovchi odatdagidek o'rmonga qo'ygan tuzog'idan xabar olish uchun boribdi va tuzoqdan qutilish uchun xar tomonga o'zini urayotgan ayiq bolasiga ko'zi tushibdi. Shundan so'ng ovchi ayiqchani tuzoqdan ozod etib, boqish uchun uyiga olib ketibdi. U ayiqchani boqib katta qilibdi. Ovchining ayiqchaga mehri bilan qaragani hamda parvarish qilgani bejiz qolmagan edi. Oradan ancha vaqt o'tib, ayiqcha katta bo'libdi. Ammo ovchi bundan hech ham xavfsiramas edi, boisi ayiqcha unga juda qattiq o'rganib qolgandi. Ayiq ovchi qaerga borsa, ortidan ergashib ketaverardi. Shunday holatda ular birgalikda juda ko'p yerlarni aylanib chiqishdi. Ba'zi vaqtlarda ovchi charchab dam olish uchun biron joydan qo'nim topsa, ayiq uni turli zararli xashoratlardan qo'riqlar edi. Inson bilan qonida yirtqichlik hamda yovvoyilik jihatlari bo'lgan hayvon orasida bunday do'stlarcha munosabat hayratlanarli. Shunday emas-mi?

Kunlarning birida ikki do'st har galgiday safarga otlanishdi. Yo'lda ozgina toliqqan ovchi daraxt soyasida dam olish uchun bir fursat to'xtadi. Ovchining ko'zi uyqiga ilinganda ayiq uni odati bo'yicha qo'riqlay boshladi. Ayni shu vaqtda bir pashsha kelib ovchining yuziga qo'naverdi. Bu hol bir necha marotaba qaytarilgach, ayiq bundan g'azablandi. Pashshadan batamom qutulish uchun yerdan bir tosh olib, uni ovchi yuziga qo'nib turgan pashshaga qarata bor kuchi bilan otdi. Pashshaga qo'shilib ovchi ham haloq bo'ldi.

Ayiq yaxshilik qilmoqchi edi...ammo...

Aynan shu sababdan nodon do'stdan, aqlli dushman yaxshi degan naql odamlar orasida og'izdan-og'izga ko'chib yursa kerak.