Bolalarga tanlovlar kerak

Bolalarga tanlovlar kerak

"Yosh kitobxon" tanlovida ko'plab bolajonlar qatnashib, g'oliblar munosib tarzda taqdirlandilar. Ushbu tanlov 10 yoshgacha bo'lgan bolajonlar uchun ham tashkillashtirilishini orzu qilaman.
Aslida haqiqiy kitobxon 10 yoshgacha bo'lgan davrda shakllanadi. Chunki aynan shu davrda miya keskin rivojlanib, kerakli odatlarga poydevor yasaydi. Agar shu odatlar orasida maktabgacha davrda kitobga mehr qo'yilgan bo'lsa, demak bolaning kelajakda kitobxon bo'lish ehtimoli ancha yuqori bo'lar ekan. Bu borada ko'plab ilmiy tadqiqotlar mavjud.
"Yosh kitobxon" tanlovini bolajonlarning a'lochilari uchun mo'ljalangan tanlov, deb bilaman.
Lekin jahon tajribasi shuni ko'rsatmoqdaki, kitobxon bo'lish uchun a'lochi bo'lish shart emas. Maktabni mutlaqo yoqtirmaydigan, oliy o'quv yurtiga kirishni istamagan, ko'chada to'p tepib yurishni xush ko'radigan bolajonlar ham kitobxon bo'lishi mumkin, bunga haqqi bor va bo'lishi kerakdir!
Ana shunda chinakam kitobxon millatga aylansa bo'ladi. Kitobxon millat esa - bu yuqori saviya, ma'suliyat va ongga ega millatdir.
Bola 10 yoshida chin dildan kitobxon bo'lishi uchun u 5 yoshida kitob o'qilishini ko'p eshitgan, o'zi kitob o'qigan yoki kitob o'ynagan va tomosha qilgan bo'lishi muhim.
Bolalarni eng kichik yoshida kitobga yuzlatish har bir ota-onaning qo'lida! Bolalikda kitobga mehr qo'ygan bola, katta bo'lganida nafaqat odamlar uyushtirgan tanlovlarda, balki umr tanlovlarida ham g'olib bo'lib chiqaveradi.
Bahor kunlari bolajonlarga bahoriy mavzuda kitoblardan sovg'a qiling.
Rasm Google dan olingan

Kitob do'koni