Bundan oldin yozganmanmi, yo'qmi, lekin men uchun rasmli kitob(picturebook) dohosi Oliver Jeffers hisoblanadi. Uning illustrasiyalari mening e'tiborimni millionlab kitoblar orasidan jalb qila oladi. Huddi Kwentin Blake illustrasiyalari singari. Faqat Kventin Blake turli xil janrlarga illustrasiya yaratsa, Oliver Jeffersning faoliyati asosan rasmli kitob - Picturebooks ga qaratilgan bo'lgani uchun u menga yaqinroq.
Kitobda bolalarning yaqin insoni uni tashlab ketganida qalbidagi kechinmalari, qaysidur man'oda depressiya va umid haqida so'z yuriltilgan. Bolalar kitobining asosiy tamoyilliga asoslangan holda kitob ijobiy yakunlangan.
Kitobda o'lim, depressiya, dard yoki boshqa salbiy va kattalarning so'zlari ishlatilmagan. Bola bu kitob judolik haqida ekanligini balki tushunmaydi ham. Lekin eng muhim narsa shuki, yaqin odamini yoqotgan bola bu kitobni o'zi yoki kattalar bilan o'qiganida unda o'z hissiyotlarini topa oladi. Mana shu narsa Oliver Jeffers kitoblarining mo'jizasidir. O'z hissiyotlarini kitobda topish. Kuchli refleksiya.
Kitobning qisqa mazmuni bilan bo'lishaman. Uni albatta illustrasiyalarga qarab o'qish kerak. Aytganimdek, rasmli kitoblarda matn rasmlarsiz, rasmlar matnsiz "ishlamaydi":
Hammaga o'xshash bir qiz yashagan ekan. U dunyoning barcha ajoyibotlariga qiziqar ekan. Yulduzlarga. Dengizlarga. Osmonlarga. Faqat kreslo bo'shab qolganini ko'rmagunicha.....
O'sha kundan boshlab qiz hech narsaga qiziqmay qoladi. Kreslo bo'shab qolgani uchun qiz hafa bo'ladi va uning uchun eng yaxshi yo'l endi yuragini chetroqqa olib qo'yish bo'ladi. U yuragini olib bir bonkaga solib bo'yniga ilib oladi. Endi qizga hech narsani qizig'i bo'lmaydi. Yulduzlarni ham unutadi. Dengizlarga ham qiziqmaydi. Osmonlarga ham qaramaydi. Bo'ynidagi bonka esa kundan-kunga og'irlashib boraverardi.
Bir kuni unga boshqa bir kichik qiz dunyo ajoyibotlari haqida savol berib qoladi, u esa bu savolga javob topa olmaydi. Javobni topish uchun yuragini bonkadan olib yana joyiga solib qo'ymoqchi bo'ladi-yu, lekin uddalay olmaydi. Shunda bu ishni kichik qiz uddalaydi. Yuragi joyiga qo'yilgach katta qiz yana dunyo ajoyibotlariga qiziquvchan bo'lib qoladi va kreslo endi boshqa
bo'sh bo'lmaydi.
bu matn rasmsiz o'qilganida ma'nosizdek tuyulishi mumkin, lekin Oliver Jeffers illustrasiyalari bu matnni shu qadar boyitib beradiki, ba'zida ko'z yosh chiqarib yuborish ham hech gap emas.
Matn nima haqida:
Qizaloqning yaqin insoni, unga dunyo ajoyibotlarini o'rgatuvchi mehriboni suhbatdoshi uni tashlab ketadi. Qiz tushkunlikka tushadi. Endi unga bu dunyoda hech narsaning qizig'i qolmaydi. U deyarli yuragini o'ldirib qo'yadi (depressiya). Vaqt esa qalbini tuzatmaydim qaytangi dardi yanada chuqurlashib boradi.
Shunda kichik bir qiz uni qutqaradi. Kichik qiz o'zining savollari bilan, o'ziga yordam so'ragani bilan katta qizni dunyoga qayataradi. Uning e'tirboni dunyoning go'zalliklariga qayta qarata oladi. Unga yuragini tiriltirish uchun yordam beradi. Yurak bilan yashash muhim ekanligini eslatadi.
Bu kitob katta muammo haqida juda oddiy tarzda so'zlab bergan. Tushkunlik muammosi mohirona ko'rsatilib berilgan. Bu bolalar adabiyoti! Bu yerda bolaning ko'zi bilan qaraganda kattalarga taaluqli so'z ham, muammo ham yo'q!
Bu kitob bir nechta qatlamga ega bo'lgani uchun o'qilganida bola o'zi uchun, kattalar esa o'zi uchun kerakli ma'nolarni sug'urib oladi.
Eng muhimi! Zamonaviy bolalar adabiyoti bolalarga muammoni hal qilish yo'lini ko'rsata olish kerak. Unday qilish yaxshi, bunday qilish yomon kabi nasihat kitoblar bugungi bolalar uchun kerak emas! Bugun kitoblar bolaga vaziyatdan chiqish yo'lini ko'rsatishi kerak.
Qimmatga o'xshaydigan bo'lsang, seni ajdar yeb qo'yadi, Zumradga o'xshasang, bir sandiq tillang bo'ladi, deya amalda qo'llab bolmaydigan nasihatlar davri o'tmishlarda qolib ketdi
Bugun bolalarga aqlli yondashuv, dono maslahat va chinakam hurmat talab etiladi. Ya'ni "Yomon tarbiya olgan, yomon muhitda o'sgan bola Qimmat taqdirini qaytarmasligi uchun nima qilishi kerak?", degan savolga ANIQ AMALIY YORDAM beruvchi kitoblar kerak.
Oliver Jeffersning barcha kitoblaridagi singari bu kitobda ham bolaga tushkunlikdan chiqish yo'llari mohirona ko'rsatib berilgan.
Oliver Jeffers - zamonaviy bolalar adabiyotining dohosi!
Mualliflik huquqlarini buzmaslik uchun kitobning to'liq ko'rinishi va to'liq matnini bera olmayman. Lekin shu postimda uning naqadar go'zal ekanligini ko'rsata oldim, degan umiddaman.