Dadam uchun qaiyiq

Dadam uchun qaiyiq

Bolalar adabiyotida bir narsani sezib qolsam, bu kitobni o'qimayman, hech kimga tavsiya ham qilmayman. Bu narsa nima? Bu muallifning bolalarga yuqoridan turib pastga qarab yuzlanishidir. Yaxshi muallif bolalar bilan tizzaga turib suhbat qura olishi kerak, deb o'ylayman. Bolalar aqlsiz yoki zaif emas, bolalar juda aqlli, zukko va tafakkuri kattalarnikidan ham rivojlangan bo'lishi mumkin. Kattalardan ularning farqi tajribasizligidadir. Bolalar odobsiz ham bo'lmaydi. Bolalar odobsiz bo'lishlariga ota-onalar, muhit va psixologik holatlar sabab bo'ladi. Demoqchi bo'lganim kitob orqali muallif hech qachon odobsiz bolani odobli qila olmaydi, aqlsiz bolaga aql ham o'rgata olmaydi. Kitob - bu instrument. Bolani zo'r qilish uchun samarali instrument xolos. Shuning uchun muallif bolalarga asar orqali yuzlanganida kattalar pozitsiyasidan emas, balki bolalar pozitsiyasidan yuzlanishni bilishi kerak.
Bugun ertalab bir bolalar kitobini o'qib ko'zimga yosh keldi. Bolalar qanchalik dono va ba'zida biz anglay ham olmaymiz qanchalik ular ziyrak va kuchli ekanliklarini.....🥲
Kitobning qisqa mazmunini aytib beraman.
Ona bo'rsiq bilan o'g'il bo'rsiq dengiz bo'yidagi shinamgina taxtalik uyda yashar ekanlar. Ular juda baxtiyor ekanlar, faqat o'g'li dadasini ko'p sog'inar ekan. U har kuni taxta, qog'oz va boshqa narsalardan kichik qayiqlar yasab dengizga qo'yib yuborar ekan. Har bir qayiqqa u dadasiga atalgan hat yopishtirib qo'yar ekan. Hatda, "Dadajon, men sizni yaxshi ko'raman", degan yozuv bo'lar ekan.
Qayiqni suvga qo'yib yuborib onasiga shunday derdi: "Agar qayig'im qaytib kelmasa, demak u dadamni yoniga yetib boradi". Qayiqlari qaytib kelmas edi. Ertasi kuni bolakay xursand bo'lib yana bir qayiqni yasab dengizga qo'yib yuborar edi.
Oradan vaqt o'tibti. Bu davrda bola ko'plab qayiqlarni suvga qo'yib yuboribti. Qayiqlari kattalashib juda sifatli bo'lib chiqar edi.
Bir kuni tug'ilgan kunida bola juda katta ko'rkam qayiq yasabti. Suvga qo'yib yuboray deganida hat yozmagani esiga tushib uyiga qaytib qog'oz izlabti. Ona bo'rsiq dengiz bo'yida qolibti. Qog'oz izlab bola onasining xonasidagi shkafni ochibdi va qarasa............................shkafni ichida uning shu kunga qadar dadasiga yuborgan barcha qayiqlari yig'ilib turgan emish.
Bolakay hat yozib, dengiz bo'yiga onasining oldiga boribdi va har doimgidek hat yopishtirilgan qayig'ini dengizga qo'yib yuboribti.
Kech payt o'g'li uxlaganida ona bo'rsiq dengiz bo'yiga chiqib necha oydan beri qilib kelayotgan ishini takrorlabti. Dengizdan qaytib kelgan o'g'lining qayig'ini tutib, uyiga olib ketibti. Shunda qo'lidagi qayiqqa yopishtirilgan hatga ko'zi tushib qolibti. Hatda shunday yozilgan emish: "Oyijon, men sizni yaxshi ko'raman!"
(Jessixa Bagley, "Boats for Papa")

Kitob do'koni