Anderson mukofoti - 2024

Hozirgina 2024 yil Anderson mukofoti g'olibini e'lon qilishdi. Bu kunni juda kutgan edim. Chunki karis yozuvchi short list ichida edi. 59 ta yozuvchi orasidan short listga 6 tasi chiqqan edi. Shu 6 kishi orasida Koreya, Braziliya, Avstriya, Belgiya, Finlandiya, Niderlandiya mamlakatlari bor edi. Afsus...Koreyalik Lee Geum Yi g'olib bo'la olmadi. 😓 Uni g'olib bo'lishini ich-ichimdan hoxlagan edim. Chunki bu muallif ikkinchi bor short listga chiqib g'olib bo'la olmayapti. Keyin Koreya bolalar adabiyoti rivojlanishida shunaqangi tez va chiroyli natija ko'rsatganki, ular yutishi nazarimda juda o'rinli bo'lar edi. Lekin men jyuri emasman va men tushunmaydigan narsalar ko'p.
2024 yilning bolalar adabiyoti Anderson mukofoti g'olibi Avstriyalik yozuvchi Heinz Janisch.
Qachondur o'zbek yozuvchilar ham Anderson mukofotini qo'lga kiritadi deb niyat qilaman!

O'qish, o'qish, o'qish

Bir necha yil oldin Marcie Coleen muallifligidagi "Love, Triangle", "Pengaunaut" kitoblarini qizim bilan o'qiganimizda Marcie Colleendan qachondur dars olishimni orzu ham qilmagan ekanman.
Lekin harakatda baraka deyilgani bejiz emas. Bolalar adabiyoti bilan shug'ullanganimdan boshlab ko'plab ustozlarni ko'rdim, endi ular qatorida University of Californiada tashkil etilgan "Bolalar adabiyoti" kursimning ustozi Marcie Coleen ham bo'lar ekan. O'zbekistonda bolalar adabiyoti, xususan rasmli kitoblar rivojlanishiga bu ham foyda keltiradi degan umiddaman.

Jella Lepman

Jella Lepman! Aynan shu ayol bugungi kun tarixda qolib butun dunyo bolalar adabiyotini nishonlashi uchun sababchi bo'lgan. To'g'ri, bugun Anderson tug'ilgan kuni, lekin bu kunni xalqaro daraja nishonlashni va umuman bolalar adabiyoti o'rnini jamiyatda shu darajaga yetkazishda beqiyos xissa qo'shgan inson Jella Lepman. ❤
Jella Lepman Myunhenda ochgan bolalar kutubxonasi bugunga qadar faoliyat yurgazadi, u yerda bolalar adabiyotini o'rganish uchun dunyo olim va tadqiqotchilari yig'iladi. ❤
Jella Lepman 1946 yilda urushdan so'ng bolalar kitoblari ko'rgazmasini tashkil etadi. Bu ko'rgazmaga milliondan ziyod odamlar tashrfi buyuradi.
Lepmanning o'ylashicha, urushdan keyin dunyoni faqat bolalar qayta qura olardilar.❤
1952 yilda Jella Lepman bolalar adabiyotini rivojlantirish uchun konferensiya uyushtriadi. Aynan shu konferensiya keyinchalik 1953 yilda IBBYni dunyoga keltiradi.❤
Chinakam go'zal dunyoni faqat bolalar qura oladilar! Bolalarga kitob berish kerak!
Barcha bolalar adabiyotiga qiziquvchilarni, hamkasblarni, pedagog va ota-onalarni "Xalqaro bolalar kitobi" kuni bilan tabriklayman!🥳
 
 
 
 

Kichik ijodkor - 2024 tanlovi

"Kichik ijodkor-2024" tanlovimizning boshlanishiga oz qoldi. Tez kunda tanlov shartlarini e'lon qilamiz. Profilimga FOLLOW bo'lib olsangiz yangliklardan boxabar bo'lib turasiz.

Dadam uchun qaiyiq

Bolalar adabiyotida bir narsani sezib qolsam, bu kitobni o'qimayman, hech kimga tavsiya ham qilmayman. Bu narsa nima? Bu muallifning bolalarga yuqoridan turib pastga qarab yuzlanishidir. Yaxshi muallif bolalar bilan tizzaga turib suhbat qura olishi kerak, deb o'ylayman. Bolalar aqlsiz yoki zaif emas, bolalar juda aqlli, zukko va tafakkuri kattalarnikidan ham rivojlangan bo'lishi mumkin. Kattalardan ularning farqi tajribasizligidadir. Bolalar odobsiz ham bo'lmaydi. Bolalar odobsiz bo'lishlariga ota-onalar, muhit va psixologik holatlar sabab bo'ladi. Demoqchi bo'lganim kitob orqali muallif hech qachon odobsiz bolani odobli qila olmaydi, aqlsiz bolaga aql ham o'rgata olmaydi. Kitob - bu instrument. Bolani zo'r qilish uchun samarali instrument xolos. Shuning uchun muallif bolalarga asar orqali yuzlanganida kattalar pozitsiyasidan emas, balki bolalar pozitsiyasidan yuzlanishni bilishi kerak.
Bugun ertalab bir bolalar kitobini o'qib ko'zimga yosh keldi. Bolalar qanchalik dono va ba'zida biz anglay ham olmaymiz qanchalik ular ziyrak va kuchli ekanliklarini.....🥲
Kitobning qisqa mazmunini aytib beraman.
Ona bo'rsiq bilan o'g'il bo'rsiq dengiz bo'yidagi shinamgina taxtalik uyda yashar ekanlar. Ular juda baxtiyor ekanlar, faqat o'g'li dadasini ko'p sog'inar ekan. U har kuni taxta, qog'oz va boshqa narsalardan kichik qayiqlar yasab dengizga qo'yib yuborar ekan. Har bir qayiqqa u dadasiga atalgan hat yopishtirib qo'yar ekan. Hatda, "Dadajon, men sizni yaxshi ko'raman", degan yozuv bo'lar ekan.
Qayiqni suvga qo'yib yuborib onasiga shunday derdi: "Agar qayig'im qaytib kelmasa, demak u dadamni yoniga yetib boradi". Qayiqlari qaytib kelmas edi. Ertasi kuni bolakay xursand bo'lib yana bir qayiqni yasab dengizga qo'yib yuborar edi.
Oradan vaqt o'tibti. Bu davrda bola ko'plab qayiqlarni suvga qo'yib yuboribti. Qayiqlari kattalashib juda sifatli bo'lib chiqar edi.
Bir kuni tug'ilgan kunida bola juda katta ko'rkam qayiq yasabti. Suvga qo'yib yuboray deganida hat yozmagani esiga tushib uyiga qaytib qog'oz izlabti. Ona bo'rsiq dengiz bo'yida qolibti. Qog'oz izlab bola onasining xonasidagi shkafni ochibdi va qarasa............................shkafni ichida uning shu kunga qadar dadasiga yuborgan barcha qayiqlari yig'ilib turgan emish.
Bolakay hat yozib, dengiz bo'yiga onasining oldiga boribdi va har doimgidek hat yopishtirilgan qayig'ini dengizga qo'yib yuboribti.
Kech payt o'g'li uxlaganida ona bo'rsiq dengiz bo'yiga chiqib necha oydan beri qilib kelayotgan ishini takrorlabti. Dengizdan qaytib kelgan o'g'lining qayig'ini tutib, uyiga olib ketibti. Shunda qo'lidagi qayiqqa yopishtirilgan hatga ko'zi tushib qolibti. Hatda shunday yozilgan emish: "Oyijon, men sizni yaxshi ko'raman!"
(Jessixa Bagley, "Boats for Papa")

Muhtasham kutubxona

Muhtasham bolalar kutubxonasi degani nima degani? Yoki ideal bolalar kutubxonasi qanday bo'lishi kerak?
1. Miqdor. 👍
Mahalliy bolalar kutubxonasida kamida 300 nomdagi kitob bo'lishi yoki shu mahalladagi 1 bolaga 7 nomdagi kitob to'g'ri kelishi kerak.
2. Mavzu. 👍
Ideal kutubxonada turli janrlarda, o'qish darajasi har xil bolalarga mos, turlicha hikoyachilik yondashuviga ega xilma hil o'zbek tilidagi kitoblar bo'lishi kerak.
3. Xilma-hillik (diversity). 👍
Kitob mavzularidan tortib qahramonlari turli millat, elat, irq, tabaqa, til, din, jismoniy ehtiyoj va tajribalar egalari bo'lishi kerak.
4. Sifat. 👍
Bolalar kitoblarining sifati eng yuqori darajada, eng yuqori standartlarga javob beradigan bo'lishi kerak.
5. Zamonaviylik. 👍
Ideal bolalar kutubxonasi eng zamonaviy, bugungi kunni ko'rsatuvchi va dolzarb mavzulardagi kitoblarga boy bo'lishi kerak.

Bolalar kitobda nima izlaydi?

Bir tadqiqotda bolalardan kitobni nimaga asoslanib tanlashligi haqida so'rashgan ekan. Bolalar 3 omilni ko'rsatdilar.
1. Qahramon
2. G'oya
3. Yumor
Bolalar asarida yorqin, esda qolarli, bolalar ongida refleksiya qila oladigan qahramon bo'lishi kerak.
Kitob g'oyasi bolaning hayoti bilan bog'langan bo'lishi kerak (bolaning yoshiga va qiziqishiga mos g'oya).
Bolalar asaridagi yumor hech bir bolani befarq qoldira olmaydi.
Mana shu uch omil bor bo'lgan mening sevimli kitoblarimdan bo'lgan Ulf Stark muallifligidagi kitoblardir. Tavsiya qilaman❤

Uyatchan fil kitobim haqida

AQSHdagi vatandoshlarga minnatdorman. Yaxshi ham sizlar bor, yaxshi ham Amazon bor. Amazonda bugun 10 dan o'rtiq kitobim mavjud. Amazon orqali kitoblarim 4 mintaqada sotiladi, ammo eng ko'p oluvchilar AQSHda.
Balki AQSHdagi muhit bolalar kitobxonligiga ijobiy ta'sir ko'rsatar, balki AQSHdagi o'zbeklarimiz aynan kitobxonmi, bilmadim. ❤
Gap hozir kitob sotilib menga tushayotgan royalty haqida emas, u pulni hali yechib olish niyatim ham bo'lmagan.
Gap shundaki, Amazon tufayli mening ijodim mahsuli bolajonlarning qo'liga yetib borayaypti, bolajonlardan yoki ularning ota-onalaridan feedback (izohlar) olyapman va qilayotgan ishim haqiqatda foydali ekanligini his qilyapman.
Menimcha kerakli ish qilayotganlikni his etish katta baxt! 🥲🥰
Kechagina rasmdagi kitobimga juda ajoyib feedback oldim: Munavvarhon degan singlim bolajonlari bilan birga "Uyatchan fil" degan kitobimni qayta-qayta o'qiyotgan ekanlar. Filning muammosi 7 yashar farzandlari qalbida refleksiya bo'libti. Uyalish aslida yomon narsa emasligi va uni yengish imkonini topish mumkinligi haqida suhbatlashibtilar. Ajoyib! Munavvarhon sizga katta rahmat. Kitob mohiyatini bolajonlaringiz bilan mulohaza qilar ekansiz bolajonlaringiz juda katta yutuqlarga erishishlariga hech shubham yo'q.

3 muhim element

Rasmli kitoblardagi illustrasiyalarda uch element va ularning o'zaro munosabati muhim rol o'ynaydi.
1. LINE - chiziq
2. SHAPE - shakl
3. COLOR - rang
Ularning orasidagi munosabatlar esa quyidagicha belgilanadi:
O'lchami
Yo'nalishi
Teksturasi
Og'irligi
Balans
Gradatsiya
Qaytarilish
Kontrast
Garmoniya
Dominantlik
Birlashish
Sifatli rasmli kitoblar bolaning miyasidagi neyronlar bog'liqliklarini ko'paytiradi, tafakkur va tasavvur qilish qobiliyatlarini rivojlantiradi, bolada chinakam kitobxonlik madaniyatiga asos soladi.

Manga kitoblari

Manga haqida eshitganmisiz?
Yaponiyada bo‘lgan yoki yaponlar bilan muloqot qilgan odamlarning ko‘pi biladi, Yaponlar detallarga juda e’tiborli xalqdir. Yaponlar singarli o‘ta mayda, mikro darajadagi detallarga e’tibor bera oladigan faqat nemislar bo‘lsa kerak. Lekin nazarimda yaponlarga baribir teng kela olmaydi. Balki shunga ham 10 dona mehmon sig‘dira oladigan kichik bir yapon restorani 3 Mishlen yulduziga ega bo‘lib, unda mamlakatlar prezidentlari ovqatlanadilar va u yerda joy rezerv qilish uchun oylab kutish kerak bo‘ladi. Restoran egasining fikricha, buning sabablaridan biri mikrodetallarga bo‘lgan e’tibordir. Mana shu detallarga e’tiborni MANGA (komiks, manhva) kitoblarida ko‘rishimiz mumkin.
Ko‘pchilik o‘ylaydi, manga yaratish va o‘qish oson deb. Ikkovi ham xato fikr. Manga bu juda murakkab vizual janr bo‘lib, bir tomondan adabiyot, ikkinchi tomondan kino ssenariy, teatr janrlariga xos tarzda ishlaydi. Manga yaratish qanchalik qiyin bo‘lsa, uni o‘qish ham shunchalik qiyindir.
Bolalarda manga, manhva, komiks janridagi kitoblarni o‘qish qobiliyati kattalarnikidan ko‘ra rivojlangan bo‘ladi. Chunki bugungi bolalar vizual asrda yashamoqdalar. Biz matnlik kontentga o‘rgangan kattalar rasmli kitoblarni, manga kabi vizual kontentga ega kitoblarni o‘qish va tushunishimiz uchun tayyorgarlik ko‘rishimiz talab etiladi. Rossiyada pedagog va kutubxonachilar uchun bu borada metodik qo‘llanmalar ham yaratilgan.
Manga o‘qiyotgan bola soddalikka o‘rganib qoladi, deyish noo‘rin. Chunki manga o‘qish jarayonida bolaning miyasi murakkab faoliyatni amalga oshirayotgan bo‘ladi. Bu faoliyat negizida rasmlardagi har bir kichik detalga e’tibor qaratish va u nega kiritilganini anglash, nega bir rasm ikkinchisiga o‘tayotganida bir detal qoldirilganini tahlil qilish va ikki rasmdagi emotsiyalarning kichik bir farqini his eta olish yotadi.
Manga bilan rasmli kitobni yoki matnlik adabiyotni solishtirish ham noo‘rin. Mangani foydasiz deyish noo‘rin. Manga bilan adabiyot bir-birini inkor qilmaydigan ikki har xil turdagi madaniy resursdir. Ikkovi ham miyani rivojlanishiga katta hissa qo‘sha oladi. Faqat har xil yo‘nalishda. Eng muhimi, Manga yordamida bolalar bilan juda murakkab mavzular haqida suhbatlashish mumkin.
O‘zbekistonda komiks kitoblar chiqqanini bilaman, lekin ular chinakam komiks, manga yoki manhva qoidalariga amal qilingan holda yaratilganmi yo‘qmi, bilmayman. Birinchidan u kitoblarni o‘qib ko‘rmaganman, ikkinchidan bu borada mutaxassis emasman. Manga, komiks, manhva janrida ishlaydigan ijodkorlar xalqaro darajadagi bilimlarga ega bo‘lishlari kerak, deb o‘ylayman. Aks holda, bu shunchaki rasmi bor kitob bo'lib qoladi.

Kitob do'koni