Kitob o'qish - bu shunchaki odat, uni singdirish kerak

Kitob o'qish - bu shunchaki odat, uni singdirish kerak

Yaqinda kitoblarimning jajji muxlisi onajonisidan bir xat olgan edim. Bundan oldin ham shu kabi xatlarni olganman. Ko'pchilik onalar "kitobingizni bolam tez o'qib bo'ldi, yangilari qachon chiqadi", deydilar. Yoki "bolam har tun faqat sizni kitobingiz bilan uxlaydi, yangilari chiqsa almashtirardik", deydilar.
SHOSHILMANG! Rasmli kitob bu biz o'rgangan rasmlari bor kitob emas! Rasmli kitobning boyligi shundaki, uni qayta-qayta o'qish aynan foydali hisoblanadi. Nega?
Lemke degan pedagog ajoyib tadqiqot o'tkazadi. Uning tadqiqoti natijasiga ko'ra bolalar rasmli kitoblarni qayta-qayta ko'rganlarida ularning miyasi kitobda hikoya qilayotgan rasmlar tufayli yangi-yangi hikoyalarni o'ylab topish bilan ovora bo'ladi. Bu albatta kreativlikning ilk qadamlaridir.
Rasmli kitobda matn rasmsiz ishlamaydi. Rasm esa har gal har xil jihatlari bilan o'quvchiga ko'rinadi. Demak, bola rasmli kitobni har gal ko'rayotganida uning mazmuniga yangicha ma'no bera oladi. Buning ustida uning miyasi tinmay ishlaydi. Matn bilan yangicha ko'ringan rasm sintezining tahlili miyada yuzaga keladi. Natijada tafakkur rivojlanadi.
Rasmli kitoblarni matni kam deyishga shoshilmang. Ularning boyligi matnida emas, rasmida ham emas, balki matn bilan rasmning uyg'unlashuvidadir. Shuning uchun rasmli kitoblar qayta-qayta ko'riladigan fenomendir. Qancha ko'rilsa, shuncha yangicha jihatlari bilan bolajonlarni xursand qila oladi.
Katta bo'lganida bolajonlaringiz "O'qimagan bolalar" safida bo'lmasliklari uchun ularga eng kichik davridan boshlab rasmli kitoblarni "o'qishni" o'rgating.
Buning uchun,
1. Rasmli kitobda rasmdagi elementlarga bolaning diqqatini qarating. Qahramonlar holati, ko'zi, ishlatilgan ranglar, qilinayotgan harakatlar.
2. Rasmda namoyon bo'layotgan holat bilan matnni solishtiring.
3. Matnda yoritilmagan jihatlarni rasmda izlang.
4. Rasmda ko'rinmagan jihatlarni matnda izlang.
5. "Agar sen rassom bo'lganingda qahramon qanday bo'lar edi?, "Bu ayiqcha nega hafa?", "Mana bu yerda nega olma turibti?" kabi savollar bilan bolaning diqqatini rasmga yanada chuqurroq qarating.
6. Rasm bilan matn bir-biriga zid holatda namoyon bo'lsa, buning sababini izlab ko'ring.
7. Matn umuman namoyon bo'lmagan betlardagi rasmga uzoqroq e'tibor qarating. Juda mayda ahamiyatsizdek tuyulgan detallarga ahamiyat bering.
8. Rasmli kitobni ko'rib bo'lgach uni albatta muhokama qiling.
9. Bola aynan shu kitobni qayta ko'rmoqchi bo'lganida barcha yuqoridagi amaliyotlarni boshidan bajaring. Bola zerikmaydi!
10. Rasmli kitobni muqovasi nega shunday ekanligini bola bilan tahlil qilib ko'ring.
Kitob o'qish bu ODAT - yaxshi odat. Yaxshi odatlarni esa bolaning kichikligidan singdirmog'imiz lozim. Salom berishni bola 7-8 yoshga kirganida o'rgatmaymizku? Hali gapirishni bilmagan 8-9 oylik bolaga "assalom qil" deya, u qo'lini ko'ksiga qo'yishidan xursand bo'lamiz. Bola bu paytda "assalom" nima ekanligini tushunmasada, salom berish odatini shakllantirayotgan bo'ladi.

Kitob do'koni