Kitobxon jamg'arma kitobchasi

Kitobxon jamg'arma kitobchasi

FB dagi lentamda viloyatlarda yangi kutubxonalar ochilganligi haqidagi postlarni ko'rib bir narsa hayolimga keldi. Bolalar kitobxonligi bir kunda rivojlanadigan holat emas. Unga bir necha omillarning ta'siri va vaqt talab etiladi. Mana shunday omillardan biri bilan bo'lishmoqchiman.
Bolaga kitob o'qishi uchun stimul talab etiladi. Atrofda yengil dofamin beruvchi gadjet ko'rinishidagi stimullar ko'p bo'lganida kitobga nazar qaratish oson bo'lmaydi. Mana shunday payt kutubxonalar, kitob do'konlari, nashriyotlar, maktab va maktabgacha ta'lim tashkilotlari ajoyib sun'iy stimul yaratishlari mumkin.
Bu juda arzon va oson.
Maxsus jamg'arma kitobchasi yaratiladi va barcha bolajonlarga tekinga tarqatiladi. Ushbu jamg'arma kitobchaga bola o'zi o'qigan yoki unga o'qib berishgan kitoblar haqidagi ma'lumotlarni ro'yxat qilib yig'ib boradi. Jamg'arma kitobchasi to'lganida u va'da qilingan sovg'aga ega bo'ladi.
Sovg'a ota-onaning himmatiga, bolaning qiziqishiga, maktab va bog'chaning moliyaviy holatiga bog'liq. Lekin bolaga yoqimli bo'lishi shart. Ya'ni "kitob o'qib jamg'armani to'ldirsang, senga kitob sovg'a qilaman" deyish (bola buni istamayotgan bo'lsa) adolatdan bo'lmaydi. Aksincha, sovg'a bola uchun juda kutilgan va qadrli bo'lishi shart.😍
Jamg'arma kitobchasida quyidagi ma'lumotlar bo'lishi mumkin:
1. Kitob nomi, muallif va bolaning kitobdan taasuroti (achindim, yoqmadi, kuldim, zerikdim...) uchun ajratilgan qatorlar.
2. Qo'shimcha tavsiya kitoblari haqida ma'lumotlar.
3. Biron yozuvchi haqida qisqa ma'lumot.
4. Ota-onalarga bola kitobxonligi bo'yicha tavsiyalar.
5. Kutilayotgan sovg'a haqida eslatma.
Ushbu jamg'arma kitobcha bolani ongsiz ravishda kitobni qo'liga olishga undaydi. Jamg'arma kitobchasiga ega bolajonlardan kamida 50% i uni to'ldirishni boshlaydi. Bu kitobchalarni bolaning qo'liga yoki uning ota-onasiga tarqatish mumkin.
Quyida Janubiy Koreyadagi Kyobo kitob do'koni chiqargan jamg'arma kitobchasidan rasmlar.

Kitob do'koni