Kutubxona ochildi!

Kutubxona ochildi!

Bugun yurtimizda bayram. Yo'q, men hozir mustaqillik bayrami haqida yozmoqchi emasman. Mustqaillik bayrami shundoq ham keng nishonlanadi. Men bugun xalqimizning boshqa bayrami haqida post yozmoqchiman.
31 avgust kuni Toshkent shahrida zamonaviy bolalar kutubxonasi ochildi. Bu kun tarixda bayram sifatida qolishi mumkin. ☝️Agar...!
Zamonaviy kutubxonaning ochlishi bolalar kitobxonligi rivojlanishi uchun qo'yilgan juda katta qadamdir. Bundan oldin ham bolalar kitobxonligini rivojlantirishga qaratilgan qadamlar ko'p bo'ldi, lekin buning samarasi o'zgacha bo'ladi. Juda kuchli bo'ladi. Agar to'xtab qolmasak...
Chorak asrki "Kutubxona" tushunchasi mustaqil O'zbekiston bolajonlarida mutlaqo shakllanmayotgan edi. Ushbu yangi kutubxona albatta 1 kunda 32 mln. aholini kitobxon qilib qo'ymaydi, lekin "kutubxona" tushunchasi shakllanishiga katta poydevor yaratadi. Bolalar kitobxonligini rivojlantirishning negizida esa kutubxonalarning ko'pligi va "kutubxona" tushunchasining shakllanganligi yotadi.❤
Endi chet elga borib kutubxonalarni ko'rish shart emas, endi har bir mahalla, tuman hokimligi mana shu kutubxonaga kelib, undan o'rganib o'z joyida shunga o'xshash va bundanda zo'r kutubxona yaratish imkoniga ega bo'ladi.
Bu kutubxona bino va kitoblar haqida emas. Bu kutubxona muhit haqida. Bolajonlarni telefondan bosh ko'tarib o'ziga jalb qila oladigan muhit haqida. Kecha ba'zi tanishlarimdan bolajonlari kutubxonaga borib ketishni istamaganini, u yerda soatlab qolib ketishganini eshitdim. Mana shu muhit, mana shu kitob tufayli his qilsa bo'ladigan kuchli dofamin bizning bolajonlarga yetishmayotgan edi.👍
Jahonda kitobxonlik madaniyati shakllangan millatlarning tarixiga qaraydigan bo'lsak, barchasi aynan kutubxonadan boshlangan.
Albatta bugun bu kutubxona ochilishi ortidan qilinadigan ish qanchalik ko'pligi endi yanada yaqqolroq namoyon bo'ldi. Lekin qadam qo'yildi va bu qadam aynan kerakli tomonda ekanligi endi aniq bo'ldi.
Tabriklayman! Barchamizni tabriklayman. O'ylaymanki, bu haqiqattan birinchi qadam bo'ladi.
Ilk kichik qadam va bu boradagi keyingi katta qadamlarning cheki bo'lmaydi.
Rasm bolajonlarning onasi ruxsatlari bilan qo'yilgan.
Toshkentda yaqinda ochilgan bolalar kutubxonasini faoliyatini kuzatib quvonmasdan iloj yo'q. Dam olish kunlari u yerda kitobxonlikka oid ajoyib tadbirlar bo'lib o'tmoqda. Kutubxonada bolalar uchun qiziqarli zamonaviy to'garakalar ochilgan.
Toshkentda 15 ta tuman bor. Har birida mana shunday kutubxona bo'lsa, zo'r bo'lar edi. Toshkent katta va markazdagi kutubxonaga borish hammaga ham oson emas. Keyin hamma qiziqqanlar borsa bu kutubxonani ichiga sig'maydi.
Bu kabi kutubxona qanchalik uyga yaqin bo'lsa, shunchalik bolalar unga kirib o'tishi oson bo'ladi. Ota-onalarning ham bolasini uzoqqa olib borishga imkoni bo'lmasa-da, yo'l-yo'lakay ajoyib maskanga kirib ketishi qiyinchilik tug'dirmaydi. Shu tariqa kutubxonaga borish odati shakllana oladi.
Bir tuman hokimiyati uchun bunday kutubxonani shakllantirish moliyaviy va texnik jihatdan qiyin bo'lmasa kerak. Foydasi va samarasi juda yuqori bo'ladi. Kutubxonani ichida qadimiy freskalar bo'lishi shart emas. Shinamgina, bolaning ko'ziga yoqimli tarzda bezatilgan, eng muhimi kitoblarga boy kutubxona o'ziga bolalarni jalb qilishi qiyin bo'lmaydi. Bola tabiatan bilimga chaqqondir. Unga faqat kerakli muhit yaratib berish kerak. Bolani ko'z oldiga shinam kutubxona barpo eting, bola u yerga kiradi! Ayniqsa, kutubxonada yuqorida aytilgan tadbir va to'garaklar ham bo'lsa yanada qiziqarli bo'ladi.
Bir tumanda bir bolalar kutubxonasi keyinchalik har bir kvartalda kutubxonalarning ochilishiga olib ketadi. Kitobxon millat shakllanishiga katta qadam.
Bugun hokimiyatlar tumanda ochilgan bolalar kutubxonasi bilan maqtanadigan kunlar keldi.

Kitob do'koni