Manga kitoblari

Manga kitoblari

Manga haqida eshitganmisiz?
Yaponiyada bo‘lgan yoki yaponlar bilan muloqot qilgan odamlarning ko‘pi biladi, Yaponlar detallarga juda e’tiborli xalqdir. Yaponlar singarli o‘ta mayda, mikro darajadagi detallarga e’tibor bera oladigan faqat nemislar bo‘lsa kerak. Lekin nazarimda yaponlarga baribir teng kela olmaydi. Balki shunga ham 10 dona mehmon sig‘dira oladigan kichik bir yapon restorani 3 Mishlen yulduziga ega bo‘lib, unda mamlakatlar prezidentlari ovqatlanadilar va u yerda joy rezerv qilish uchun oylab kutish kerak bo‘ladi. Restoran egasining fikricha, buning sabablaridan biri mikrodetallarga bo‘lgan e’tibordir. Mana shu detallarga e’tiborni MANGA (komiks, manhva) kitoblarida ko‘rishimiz mumkin.
Ko‘pchilik o‘ylaydi, manga yaratish va o‘qish oson deb. Ikkovi ham xato fikr. Manga bu juda murakkab vizual janr bo‘lib, bir tomondan adabiyot, ikkinchi tomondan kino ssenariy, teatr janrlariga xos tarzda ishlaydi. Manga yaratish qanchalik qiyin bo‘lsa, uni o‘qish ham shunchalik qiyindir.
Bolalarda manga, manhva, komiks janridagi kitoblarni o‘qish qobiliyati kattalarnikidan ko‘ra rivojlangan bo‘ladi. Chunki bugungi bolalar vizual asrda yashamoqdalar. Biz matnlik kontentga o‘rgangan kattalar rasmli kitoblarni, manga kabi vizual kontentga ega kitoblarni o‘qish va tushunishimiz uchun tayyorgarlik ko‘rishimiz talab etiladi. Rossiyada pedagog va kutubxonachilar uchun bu borada metodik qo‘llanmalar ham yaratilgan.
Manga o‘qiyotgan bola soddalikka o‘rganib qoladi, deyish noo‘rin. Chunki manga o‘qish jarayonida bolaning miyasi murakkab faoliyatni amalga oshirayotgan bo‘ladi. Bu faoliyat negizida rasmlardagi har bir kichik detalga e’tibor qaratish va u nega kiritilganini anglash, nega bir rasm ikkinchisiga o‘tayotganida bir detal qoldirilganini tahlil qilish va ikki rasmdagi emotsiyalarning kichik bir farqini his eta olish yotadi.
Manga bilan rasmli kitobni yoki matnlik adabiyotni solishtirish ham noo‘rin. Mangani foydasiz deyish noo‘rin. Manga bilan adabiyot bir-birini inkor qilmaydigan ikki har xil turdagi madaniy resursdir. Ikkovi ham miyani rivojlanishiga katta hissa qo‘sha oladi. Faqat har xil yo‘nalishda. Eng muhimi, Manga yordamida bolalar bilan juda murakkab mavzular haqida suhbatlashish mumkin.
O‘zbekistonda komiks kitoblar chiqqanini bilaman, lekin ular chinakam komiks, manga yoki manhva qoidalariga amal qilingan holda yaratilganmi yo‘qmi, bilmayman. Birinchidan u kitoblarni o‘qib ko‘rmaganman, ikkinchidan bu borada mutaxassis emasman. Manga, komiks, manhva janrida ishlaydigan ijodkorlar xalqaro darajadagi bilimlarga ega bo‘lishlari kerak, deb o‘ylayman. Aks holda, bu shunchaki rasmi bor kitob bo'lib qoladi.

Kitob do'koni