Nega bolalar rasmli kitobni qayta-qayta o'qishni istaydi?

Nega bolalar rasmli kitobni qayta-qayta o'qishni istaydi?

Nega bolalar rasmli kitobni qayta-qayta o'qishni istaydi? Buning yaxshi tomoni bormi?
Aslida bola rasmli kitobni qayta-qayta o'qiyotganida u har xil kitob o'qiyotgan bo'ladi. Kattalar uchun bu rasmi bor bir hikoya bo'lishi mumkin. Lekin bolaning kuchli tasavvur qilish qobiliyati tufayli unga yoqqan kitobni u 100 marta o'qisa ham, xayolida turlicha hikoyalar tuza oladi.
Buning sababi bolalar kitobning verbal kuchidan ko'ra vizual kuchidan ta'sirlanadilar. Bu ayniqsa, televizor va keyinchalik kompyuter va telefonda katta bo'glan avlodlarga tegishli.
Rasmli kitoblarda rasm va matnning o'zaro o'yini bolalar xayolida ko'plab hikoyalar to'qilishiga imkoniyat ochib beradi,
Rasmli kitobni "o'qish" jarayonida bola matnni rasm bilan bog'laydi va teskarisiga rasmni matn bilan bog'laydi. Ikki jarayon har gal turlicha natijalarni chiqaradi. Eng muhimi, bu jarayonda bolaning xayolini chegaralash mutloq mumkin emas.
Yaqinda menga bir video yuborishdi. Unda bog'chaopa bolajonlarga "Tomchi qayerga ketdi?" rasmli kitobimni juda qiziqarli tarzda o'qib berayotgan ekan. Lekin! u rasmlarni bolalarga ko'rsatib bolalar xayolini chegaralab qo'yayotgan edi.
Bog'chaopa "Tomchi juda qiziquvchan qozichoq ekan", deya "u buloqlarga qiziqar ekan", deb bolaning xayolini chegaralab qo'ydi. Bu yerda bola Tomchi nimaga qiziqishini o'zi istaganicha xayolida tasvirlashi kerak va bunda kosmosdan tortib chumoli singari xayollar bolada paydo bo'lishi mumkin. Bu xayollar uyg'onishiga pedagog ta'sir etishni bilishi kerak.
Yoki
Bog'chaopa "Bunyod bilan Tomchi haqiqiy do'st, deb o'qidi. Bu yerda qo'shimcha qilib bog'chaopa "ular bir-birini juda yaxshi ko'rar edi", deb o'z fikrini qo'shib qo'ydi. Lekin bolalar boshqa fikrga ham kelishlari mumkin. Ularning tasavvurini chegaralash mumkin emas.
Pedagog bolalar bilan rasmli kitob mutolaa qilayotganida ularga o'z fikrini aytishdan ko'ra, bolaning fikrini so'rashi muhim! Ularning tasavvurini qo'zg'atishi, qitiqlashi muhim.
Yuqoridagi misollarda "Tomchi nimaga qiziqardi?", "Sen ham Tomchiga o'xhshab bunga qiziqasanmi? ", "Nega bunday deb o'ylayapsan", "Tomchi bilan Bunyod bir-birga qanday munosabatda?", "Tomchi Bunyoddan qo'rqadimi?" kabi savollar bilan bolani suhbatga chorlashi va tasavvurini kuchaytirishga imkon berishi kerak.
Shuning uchun rasmli kitoblarda matn kam bo'lishiga qaramay u haqda bolalar bilan soatlab suhbatlar qursa bo'ladi. Chunki bolalarning fantaziya va tasavvuri juda kuchlidir. Aynan shu qobilyatlarni rivojlantirish ham rasmli kitoblarning maqsadi hisoblanadi.
Buning uchun pedagog bolalar xayoli va tasavvurini chegaralamay, balki suhbat va mutolaa davomida yuzaga chiqarishni bilishi kerak.
Rasmli kitoblarni qayta-qayta oq'igan bola aslida aqlli va tasavvuri chegaralanmagan boladir. Agar bola rasmli kitobni qayta ko'rishni istamayotgan bo'lsa, rasmlarni uzoq tomosha qilmayotgan bo'lsa, rasm va matn haqida suhbat qilishni istamayotgan bo'lsa, demak uni ko'p chegaralaydilar. Pedagoglar shunga ahamiyat berishlari lozim.

Kitob do'koni