Ota-onalar uchun 15 daqiqalik eksperiment

Ota-onalar uchun 15 daqiqalik eksperiment

Bolajoningizni telefon yoki kompyuter o'yinlaridan ajrata olmayotgan bo'lsangiz, ushbu 15 daqiqalik eksperiment siz uchun.
Ushbu eksperimentni bolasi 8 yoshgacha bo'lgan har bir ota-ona qilib ko'rishi mumkin. Amalda qo'llangan!
😍Shanba kuni bolangizga uning eng yaxshi ko'rgan va sog'ingan taomini yoki shirinligini pishirib berasiz. Sotib olmaysiz, aynan o'zingiz pishirib berasiz va u pishirayotganinzni bilishi kerak.
😍Taom yoki shirinlik pishgach bolajoningizni dasturxonga chaqirasiz. U bilan birgalikda kulishib mazza qilib taomni yeysiz.
😍So'ng taom tufayli yuzaga kelgan yaxshi kayfiyat ila bolangizga syurpriz ko'rsatasiz. Syurpriz esa biron kitob bo'ladi. U bunga munosabatini bildirishiga ulgurmay, u bilan hozir zo'r o'yin o'ynashingizni aytasiz.
😍O'yini: Kitobning kichik parchasini qiziqarli tarzda bolangizni quchoqlagan holda o'qiysiz yoki rasmlarga qarab aytib berasiz. Bolaning yoshiga qarab o'qilgan matn bo'yicha unga kulgili yoki qiziqarli savollarni berasiz. "Nega ayiqning rangi bunaqa?", "Ayiq kuchlimi yoki filmi?", "Zumrad bugun yashaganida unga nima sovg'a qilarding?", "Senda ochil dasturxoning bo'lsa, unda nima bo'lishini istarding?", "Uchar gilaming bo'lsa, qayerga birinchi bo'lib ucharding?", "Sehrli qalpoqchang bo'lsa, kimdan bekinib olarding?", "Sholg'omni yana qanday qilib tortib olishimiz mumkin?", "Nega baliqning qulog'i yo'q, bor bo'lsa qayerda?"..... kabi savollar berib bolaning har qanday javobini hurmat qilgan holda turli mavzularni muhokama qilasiz.
😍So'ng bolangizni yana bir bora quchoqlab uni o'ynagani qo'yib yuborasiz.
☝️Kitob bilan o'tkazilgan vaqt 15 daqiqadan oshmasligi kerak❗️
😍So'ng barchasini yakshanba kuni qaytarasiz.
Agar farzandingiz ikkita yoki uchta bo'lsa, bu jarayon yanada qiziqarli va kulguga boy bo'la oladi.
Hafta davomida kitob haqida gapirmaysiz, shunchaki uyga yangi kitoblardan sotib olib qo'yasiz. Dam olish kunlari yuqoridagi jarayonlarni yana qaytarasiz. Bir muddat o'tgach dam olish kuni bolangiz o'zi oldingizga kitob ko'tarib keladi.

Kitob do'koni