Rasmli kitob u nima?

Rasmli kitob u nima?

Bolonyada nufuzli bolalar kitobi ko'rgazmasi yakunlandi.
2023 yilning g'oliblarini ko'rib qanchalik "Rasmli kitob" bolaning rivojlanishida muhim va o'ta samarali instrument ekanligiga yana bir bor amin bo'ldim. U yerdagi g'oliblar haqida alohida post qo'yaman.
Bugun esa bizda rivojlanmagan "Rasmli kitob" haqida so'z yuritmoqchiman.
❗️"Rasmli kitob" va "Rasmi bor kitob" bir narsani angatmaydi❗️
Ingliz tilida "picturebooks" va "picture books" bor, ruslarda "книга с картинками", "книга в картинках" bor.
"Rasmi bor kitob"lar bizda bisyor. Kitobning ichida illustrasiya bo'lsa u "Rasmi bor kitob" yoki "Rasmli kitob" bo'lishi mumkin. Lekin, "Rasmli kitob" bu umuman boshqa narsa. Uning maqsadi, vazifasi, yaratilish tamoyillari mutloq o'zgacha bo'ladi.
☝️1. "Rasmli kitob"da🍭 muallif va rassom doim birga ishlaydi. Haqiqiy rasmli kitob aynan bir matnning aynan bir illustrasiya bilan uyg'unlashuvi natijasida paydo bo'ladi. Aks holda u shunchaki "Rasmi bor kitob" bo'ladi.
Masalan, Chukovskiyni olaylik. Uning ertaklariga yuzdan ortiq illustrasiya chizilgan. Uning kitoblari illustrasiyalarga to'la. Lekin bu "Rasmli kitob" emas. Bu "Rasmi bor kitob"📕. Nega? Chunki bu kitobning illustratorlarini o'zgartirsangiz ham, umuman rasmlarni olib tashlasangiz ham she'rlar ma'nosini va vazifasini yo'qotmaydi. Bu she'rlar mustaqil ravishda, illustrasiyalardan qat'iy nazar maqsadiga erishadi.
Endi Anthony Browne, Maurice Sendak, Oliver Jeffers yoki Eric Carle kitoblarini olaylik. Ularning kuchi matn bilan illustrasiyalarning yig'indisidadir. Agar ushbu kitoblarni matnini qoldirib rasmlarini olib tashlasak yoki illustratorni o'zgartisak, matn yoki umuman bu kitobning vazifasi yo'qoladi yoki mutloq o'zgaradi.
☝️2. "Rasmli kitoblar"ni🍭 o'qishni bilmaydigan bolaga o'qib berish shart emas. U o'zi ham uni bemalol "o'qiy oladi". "Rasmi bor kitoblar"ni📕 harflarni bilmaydigan bola mustaqil ravishda "o'qish" ga harakat qilmaydi.
Bunga misol tariqasida o'zimning "Tomchi qayerga ketdi" "Rasmli kitobim"ni keltirishim mumkin. Bu kitobimni 7 yoshga to'lmagan(harflarni bilmaydigan) bolalar ham "o'qib", undagi voqealarni aytib berishga o'z tilida harakat qiladi.
Lekin "Rasmi bor kitob" bo'lib nashr etilgan "Zumrad va Qimmat" ertagini bolaga bersangiz, u unga qiziqmaydi. Chunki illustrasiyalardan ko'ra matn ko'p, matn juda mayda va bola uchun katta hajmda, illustrasiyalar esa hikoya aytmaydi. Ular statik tarzda keltirilgan bo'ladi.
☝️3. "Rasmli kitob"🍭 bolada tasavvurni rivojlantiradi. "Rasmi bor kitob"📕 esa matnni boyitish bilan to'xtaydi.
Masalan, "Tug'ilgan kunimga sov'ga" kitobimda qahramon qiz dadasini sog'inadi. Dadasi qayerdaligini esa bola rasmlarga qarab tasavvur qilishi mumkin bo'ladi. Rasmlarda yoki matnda unga tayyor javob berilmaydi, balki "hint"- kichik vizual yordam beriladi. Undan tashqari kitobdagi qahramon qilgan ixtirolarini ko'rib o'quvchi bola, "men uni o'rnida nima qilardim", degan hayolga borib tasavvurini qitiqlaydi.
"Rasmi bor kitob"da buning iloji yo'q. Chunki yuqorida aytganimdek statik rasm "yashamaydi", u jonsiz obyekt singari qabul qilinadi va tasavvurga ta'siri juda past bo'ladi.
Maktabgacha va boshlang'ich sinf yoshida bolaning qo'liga qancha ko'p "Rasmli kitob" tushsa, shunchalik uning miyasi (biofiziologik jihatdan), ijodiy qobiliyati, nutqi, tasavvuri, dekodlash qobiliyati, tafakkuri, IQ si, EQ si rivojlangan bo'ladi.

Kitob do'koni