Sven Nordkvist

Sven Nordkvist

Bolalar adabiyoti bo'yicha Skandinaviya mamlakatlari men uchun eng zo'r hisobalanadi. Skandinaviya mamlakatlari mualliflari go'yoki bolalarning qalbiga kirib chiqqandan so'ng kitob yozadigandek tuyuladi.
Ular dunyodagi bolalar adabiyoti ilmiy trendlarini yaratadilar. Bolalar adabiyoti mualliflari uchun mayoq rolini o'ynaydilar. Ularning kitoblari bo'yicha ilmiy ishlar yoziladi.
Chinakam bolalar adabiyoti qanday bo'lishi kerakligini shaxsan menga o'rgatadilar. Ularning kitoblari bola haqida, bolaning muammosi haqida, bolaning o'y-kechinmalari haqida va faqatgina bola uchun qiziq bo'lgan mavzular haqida bo'ladi.
1 yoshli bolaning ham, 13 yoshlik bolaning ham muammosi bor. Bu muammo esa odobli bo'lish emasligini bu mamlakatlar kitoblari yaxshi tushunadi. Bolalarning muammosini ko'ra olish ham bir san'at aslida.
Skadinav mamlakatlarida bolalarning huquqlari qanchalik yuqori darajada tursa, ularning bolalar adabiyoti ham o'ta mukammal yondashuv bilan, bolalarning o'ta chuqur muammolarini hal qilish maqsadida yoziladi.
Eng muhimi, bu mamlakatlarda kattalar adabiyoti yozuvchilari bolalarnikidan ustun turmaydi! Bunga juda kuchli asos bor!
Quyida Shvetsiyalik Sven Nordqvist rassom va yozuvchining kitoblaridan parchalar keltirdim. Bu kitoblar mo'jizaga o'xshaydi. Kitobdagi illustrasiyalar gapiradi, yuguradi, terlaydi, yig'laydi, cho'kadi, maraydi, to'polon qiladi, qochadi, qo'rqadi, cho'chiydi .........
Bu rassom bolalar kitoblarini yaratish uchun tug'ilgandek. Uning kitoblaridagi dinamika, kuch va effekt bolaga hech qanday multfilm yoki gadjet bera olmaydigan ta'sir ko'rsatadi.
Bu muallif haqida internetda ko'plab ma'lumotlar mavjud. Agar siz bolalar adabiyotiga qiziqsangiz Sven Nordqvistning hech bo'lmasa bir dona kitobi bilan sotib olib yoki youtube orqali tanishib oling.
Uning illustrasiyalaridan ko'z uza olmaysiz. Ba'zi kitoblaridagi illustrasiyalaridan o'quvchining fantaziyasi, tasavvuri qaynab ketadi. Illustrasiyalariga sinchiklab qarasak har o'qiganda yangi qirralar ochiladi. Bunday mualliflar dunyo bolalarining chinakam boyligidir.

Kitob do'koni