Tanishing, Suzy Lee

Tanishing, Suzy Lee

Suzy Lee! Rasmli kitoblar bo'yicha barcha cho'qqilarni zabt etgan muallif. Koreyadagi eng nufuzli oliygohni tamomlagan. O'ta kamtar va o'ta aqlli inson. Tarixda ilk bora Janubiy Koreya uchun bolalar adabiyoti Nobel mukofoti hisoblanmish Anderson mukofotini olib kelgan.
O'zi rasmli kitoblar bu juda murakkab janr hisoblanadi. O'zbekistonda bu janrga oid ilmiy ishlar 0 miqdorda bo'lgani uchun afsus bu janrning mohiyatini ko'pchilik tushunmaydi. Yuqori darajadagi rasmli kitoblarni esa tushunish ba'zida mutlaqo imkonsiz bo'ladi. Huddi buyuk rassomlarning rasmini tushunish uchun katta tajriba va bilimlar kerak bo'lgani kabi yuqori darajadagi rasmli kitoblarni ham tushunishga katta tajriba va bilimlar talab etiladi. To'g'ri, yuzadagi ma'noni hamma tushunadi, bunday kitoblardan bolalar ham kattalar ham mazza qilishlari mumkin ahir bu bolalar uchun yaratilgan kitobku. Lekin har doim ham emas.
Suzy Leening kitoblari bilan ilk tanishganimdan beri qayta-qayta ko'rib o'zim uchun yangi haqiqatlarni ochaman. Aynan uning kitoblarini tushunishim uchun ko'plab ilmiy maqolalarni o'qib chiqishga "majbur" bo'lganman. Aynan Suzi Lee kitoblari tufayli ko'zimdan yosh chiqib ketishi uchun menga yillar talab etilgan. Ha, bolalar rasmli kitoblari Kann festivalida yutadigan kinolar singari, Picassoning "Gernika"si singari ko'zdan yosh chiqarib yuborishi mumkin.
Suzy Lee kitoblarida matn deyarli bo'lmaydi, bo'lsa ham minimal tarzda bir adabiy shaklda emas balki rasmlarni "o'qish" uchun yo'naltiruvchi vosita sifatida namoyon bo'ladi. Uning kitoblarini bolalar mazza qilib "o'qiydi" kattalarni esa uning kitoblari o'ylantiradi. O'zi rasmli kitoblarni "o'qish" ni ham o'rganish kerak. Rasmli kitoblar bu rasmi bor kitob emas!
Intervyularning birida Suzy Lee aytganki: "Kitobim tufayli o'quvchilarda ko'plab savollar tug'iladi, ana shu savollarga ularni javob izlashga undash mening maqsadim"
Suzy Lee "Wave" kitobini slayd qilib Youtube ga joylaganida, u bilan Yaponiyalik bastakor bog'lanib ana shu kitobini ko'rib musiqa yaratgani haqida xabar beradi. Yana bir kitobidan Ispaniyalik gitarachi bastakor ilhomlanib musiqa bastalab Suzy Leega sovg'a qiladi. Bu bejizga emas, chunki uning ba'zi kitoblarini o'qir ekansiz ko'zingiz bilan "musiqa eshitasiz".
Suzy Lee uchun kitobi haqidagi eng qadrli fikrlar bolalarnikidir. "Bolalar kitob ko'rayotganida kattalar ko'rmaydigan, ko'ra olmaydigan haqiqatlarni va detallarni ko'ra oladilar. Ana shu detal va haqiqatlarni kattalar ham ko'ra olganlarida dunyoda baxtliroq odamlar ko'proq bo'lar edi", - deydi u.
Eng qizig'i, Suzy Lee hech qachon kitoblarining asli mohiyati haqida so'z ochmaydi. Aslida kitobning o'lchami, muqovasi, ichki muqova, rang va kitobdagi har bir detal va chiziq Suzy Lee tomonidan ma'lum bir sabab va g'oya tufayli tanlangan bo'ladi. Lekin muallif bu haqda gapirmaydi. Muallif kitobini o'qiyotganlar uni o'qib tushunishni o'rniga, ularda kitob tufayli ma'lum bir hissiyotlar uyg'onishini istaydi.
Suzy Leening kitoblari hozir O'zbekistonga kerak emas. Juda erta. Bunday kitoblarni biz anglashimiz uchun kamida Koreyadagi singari rasmli kitoblar fenomeniga to'yib olishimiz kerak. Rasmli kitoblarga oid ilmiy izlanishlar ko'payishi kerak.
Lekin hech bo'lmasa biz qayerga intilishimiz kerakligini bilish uchun mana shunday san'at cho'qqilari bilan yuzaki bo'lsa ham tanish bo'lishimiz kerak, deb o'yladim.
Quyidagi videoda Suzy Lee kitoblarining umumiy ko'rinishini ko'rsatmoqchi bo'ldim. Qiziqqanlar uning ijodi bilan Youtube orqali tanishib chiqishlari mumkin.

Kitob do'koni