Yangi uylarda kutubxonalar ham bormi?

Yangi uylarda kutubxonalar ham bormi?

Bu xabarim egasiga yetib borarmikin, yo'qmi, bilmadim...Yozib qo'yaveray...
Yaqinda bir intervyuda Murad Buildings asoschisi Murad Nazarov yangi uylari haqida so'zlayotganlarida qiziq bir gap aytdilar. Yangi uylarida yashovchilar uchun qulaylik bo'lishi uchun, fitness klub, mehmon kutish uchun shinam mehmonxona, qo'y so'yish uchun joy va maxsus muzlatgich, hatto novvoyxona bo'lar ekan. Ajoyib emasmi? Ajoyib. Bu qaror Murad Buildings aholidan so'rovnomalar o'tkazgani natijasida yuzaga kelgan ekan. Haqiqattan kerakli qulayliklar. Shunda Murodaka Nazarov "biz boshqalarga bu borada namuna bo'lsak ham mayli", deb aytib o'tdilar. Chindan ham ularning uylari boshqa quruvchilarga namunadir. Bu fakt.
Lekin shunda hayolimdan bir narsa o'tdi. Murad Building uylarida yashovchi aholidan qulayliklar borasida so'rovnoma o'tkazilganida ovqat muammosidan boshqa muammolarni ham aytishganmikin? Yashaydigan uylarda bolalari uchun shinam kutubxona bo'lishini ham istaganmikinlar? Yoki ozbek xalqi faqat qo'y so'yib mehmon kutish bilan hayotini o'tkazadimi? Ahir bu uylarda ijtimoiy jihatdan o'ziga to'q aholi yashaydiku...nahotki shu so'rovnomani to'ldirganlar dam olish kunlari bolajonlari uylarida barpo etilgan yoqimli kutubxonada do'stlari bilan vaqt o'tkazishlarini istamasa? Murad Nazarov o'zlari ziyoli insonlar. Farzandlari nufuzli ta'lim dargohlarida o'qiydilar. Ular kitob qadrini biladilarku. O'zbeklar faqat novvoyxona va mehmonhonalar bilan maqtanib yashayvermaydiku? Ruhiyatimizni ham boyitayotganimiz bilan maqtanaylik...
Janubiy Koreyada Hyundae qurilish kompaniyasining uyida turaman. Qurilish sohasida bu kompaniya TOP kompaniya hisoblanadi. Mahallamizda 9 dona 22 qavatli "apartment" bor. Mana shu uylardagi aholi uchun fitness klub, golf klub, bolalar o'oyingohlari, favvora va kichik xovuz bor. Lekin shunga qo'shimcha ravishda juda shinam KUTUBXONAmiz ham bor. Uylardagi barcha aholi mana shu kutubxonadan mazza qilib foydalanamiz. Dam olish kunlari u yerdan bolalar arimaydi. Shu postni yozishdan oldin shaharchamizdagi boshqa uylarni ham borib ko'rib keldim. Bilsam, nafaqat bizning uyda balki har bir uy maydonida kichik shinam kutubxonachalar barpo etilgan ekan.
Murad Buildings bu borada ham namuna bo'lishsin! Ilk bora o'zbek domlari maydonida quruvchi tomonidan shinamgina mayli kichik bo'lsa ham kutuxona qurilib aholiga sovg'a tariqasida topshirilsin. O'zbekning hayoti faqat mehmon kutib qo'y so'yish dardida o'tmasin.
Hurmatli Murad Nazarov so'rovnomalarda aholi buni sizdan so'ramagan bo'lsalarda, barpo etayotgan uylaringizda shiringina kutubxonalar ochib qo'yib, shu yo'l bilan bolajonlarni ziyo sari yetaklashda ham boshqalarga namuna bo'lsangiz ko'pchilikka manfaatli bo'lar edi.

Kitob do'koni