PISA va kitobxonlik

PISA javoblari meni shaxsan xursand qildi. Chunki endi ko'p muammolarni yechish uchun ularning ildiziga e'tibor qaratishni boshlaymiz (xudo hoxlasa).
PISA natijalari yuqori chiqqan mamlakatlarning boyligi muhim emasligini hurmatli Behzod Hoshimov yozgan ekanlar.
Men esa PISA natijalari yuqori chiqqan mamlakatlarda boshqa bir omil katta rol o'ynaganini aytmoqchiman.
PISA natijalari bilan bolalar kitobxonligi va umuman bolalar kitobi industriyasi rivojlanganlik dajarasi orasida to'g'ri proportsional bog'liqlik mavjud.
PISA natijalari yuqori chiqqan top mamlakatlarni oling va u yerdagi kitob do'konlarini o'rganib ko'ring......
Bolalar kitoblarini, bolalar kitobxonligini rivojlantirmagunimizcha hech qachon PISA natijalarimiz yuqori chiqmaydi.

Kitobxonlikda pedagogik tamoyillar

Bola kitobxon bo'lishi uchun psixologik tamoyillarga asoslanish kerak. Psixologik tamoyillar borasida Belinskiy, Vigotskiy, Nikiforova ko’p tadqiqtolar qilganlar.
Tadqiqotlarga muvofiq bola kitobni mustaqil o’qishidan oldin, u kitob tinglovchisi bo’ladi.
Keyinchalik kitobni o’zi o’qiyotganida u avallambor emotsiyalar orqali jarayonga kirishadi.
Ana undan keyingina bola kitobni aqliy qabul qiladi.
Ya’ni bolalar adabiyoti bolaga vizual, texnik va tasviriy jihatdan emotsiya bera olishi kerak. Shundan so’ng kitob matni bolaning tafakkuriga ta’sir eta boshlaydi.
Bolaga kitob izlayotganingizda uning rang-barangligiga emas, balki butun kompozitsiyaga, ishlatilayotgan ranglar gormoniyasiga, qahramonlarning harakteri, illustrasiyalar harakati namoyon etilishiga ahamiyat bering. Disney stilida chizilgan rasmlar bolaga emotsiya bera olmaydi. Multfilmda unday rasmlarning dinamikasi bolaning e'tiborini ushlay oladi. Lekin kitob multfilm emas.
Dam olish kuni shahar kitob do'konlariga bir aylanib, bolangizga haqiqiy emotsiya beradigan kitoblardan izlab ko'ring.
Rasmlar Kitty Crowder va Eva Lindstromga tegishli.

Ajoyib kaktus kutubxonada

Bugun rasmli kitob asoschilaridan biri haqida post tayyorlab qo'ygan edim, lekin ertalab bir xabarni ko'rib "Ajoyib kaktus" haqida post qo'ygim keldi.
Respublika bolalar kutubxonasida men uchun katta bayram bo'ldi. Men orzu qilib yurgan formatda bolajonlar bilan ajoyib uchrashuv tashkillashtirilibdi. Uchrashuv davomida kutubxona xodimi Shaxzoda Djuraeva "Ajoyib kaktus" kitobi mutolaasi orqali bolalar bilan ahillik, tolerantlik, buling, har bir bolajonning noyobligi, shuningdek inklyuziya muammolari haqida suhbatlashtilar.
Shundan so'ng bolajonlar kitob qahramoni Gruzonini yasadilar. Yasalgan Gruzoni ularga ba'zi bolajonlarga qanchalik qiyin ekanligi va ularga yordam berishimiz kerakligi haqida eslatib turadi.
Uchrashuvning faol ishtirokchisi bo'lgan hurmatli Kunfu Pandaning aytishlaricha, uchrashuv davomida bolajonlar mazza qilibtilar va kinoteatrda multfilm ko'rish taklifini rad etib kutubxonaga yana borish istagida bo'libtilar.
Kunfu Panda rasm va videolar bilan bo'lishganingiz uchun rahmat! Dam olish kunlari farzandlarini kutubxonaga olib boradigan ota-onalar barchaga namuna bo'lishi kerak.

Pedagogning kuchi yetadi!

Pedagogning kuchi yetadi!
Ota-onani kitobxonlikka jalb qilishga pedagogning kuchi yetadi. Bunga ishonaman. Bunday tajribani ko'rganman.
Buni bog'chaopalar yoki 1-3 sinf o'qituvchilari amalda sinab ko'rishlari mumkin.
Bugun deyarli barcha pedagoglar ota-onalar bilan sinf telegram guruhi orqali muloqot qiladilar. U yerga pedagog sinfga oid yangiliklar, rasmlar yoki biron xabarlarni berib turadi. Ota-onalarni bolalar kitobxonligiga jalb qilishda ana shu telegram guruh zo'r vosita bo'la oladi.
1. Har juma kuni guruhga Respublika Bolalar kutubxonasi (yoki boshqa mahalliy kutubxonalar)da dam olish kunlari o'tkaziladigan bolalar uchun tadbirlar haqida xabar tashlanadi.
2. Haftada 1 marta ota-onalarga kitob bola uchun qanchalik muhim ekanligi haqida qisqa "reklama" yuboriladi. U yerda pedagogning fantaziyasidan kelib chiqib rasm, smayliklar bilan bolalarga kitob qanchalik foydali ekanligi haqida 1 dona ma'lumot beriladi.
3. Yil mobaynida har oyda 1 kun tanlanadi va o'sha oyda tug'ilgan bolalarga tantanali ravishda 1 dona kitob sovg'a qilinadi. Kitobga pulni ota-onalarning o'zlaridan(buning uchun kitobning foydasi haqida ularga xabar berib turish kerak), maktab fondidan olish mumkin.
4. Dam olish kuni ota-onalarga bolasi bilan o'qish uchun 1 dona kitob nomi, youtube dagi kitob mutolaasi yoki audiokitob tavsiya etiladi.
5. Chorakni ohirida kitob o'qib turayotganini isbotlab bergan ota-ona va bolasi (birga o'qiyotganini rasmini yoki videosini telegram guruhga yuboradi) tashakkurnoma, sovg'a sertifikati yoki boshqa imtiyozlar bilan taqdirlanadi. Moliyaviy imkoniyat bo'lmagan holda bunday ota-onalar butun maktabda e'tirof etiladilar.
Aytgancha, kelayotgan dam olish kuni Respublika Bolalar Kutubxonasida "Ajoyib kaktus" (Akademnashr нашриёти)kitobini kutubxona xodimasi Shahzoda Jurayeva mutolaa qiladilar. Barchaga xabar bering. Uchrashuvda tolerantlik, xilma-hillik va inklyuziya haqida so'z boradi. Yosh chegarasi: 5+

Mavzular

Bolalar adabiyoti men uchun bolalar bilan ota-onalar, bolalar bilan pedagoglar, bolalar bilan mualliflar orasidagi suhbat mavzularni ochib beradigan instrumentdir.
Aynan kitob yordamida kattalar bolalarni, bolalar esa kattalarni tushuna oladilar.
Aynan kitob ikki avlod o'rtasidagi masofani yaqinlashtirib beradi.
Kitob kattalar va bolalar o'rtasida ko'tariladigan minglab mavzularni ochadi:
Samo
Tabiat
O'lim
Maktab
Bolalik
Qayg'u
Samolyot
Dinozavr
Tosh
Do'stlik
Fil
Internet
Erkak
Ayol
Telegraf
Lampa
Dengiz
Qisqichbaqa
Tuya
Samarqand
Jadid
Namoz
Muhabbat
Tinchlik
Telba
Urush
Avtomobil
Yulduz
Planeta
Virus
Yaponiya
Mikrob
Yurak
Sayohat
Xasad
Buling
Oq ayiq
Klimat o'zgarishi
...
...
...
Bu mavzularni cheksiz davom ettirish mumkin. Kattalar va bolalar suhbat qurishi mumkin bo'lgan mavzular tugamaydi. Bolalikdagi suhbatlar qanchalik ko'p mavzularni qamrab olsa, bola shunchalik aqlli bo'lib o'sadi.
Suhbat mavzularini bizga KITOB beradi. Kitob bolani kattalar bilan, kattalarni bola bilan suhbat qurishga undaydi.
Milliardlab mavzular bugun o'zbek bolajonlarining e'tiboridan chetda qolib ketmoqda. Milliardlab.....
Har kuni bola bilan kamida 1 dona kitob yordamida 1 dona mavzuga suhbatlashishga odatlanish zarur. Kitobsiz suhbat mazmunli bo'lishi qiyin. Mavzularga boy kitoblarni izlang.
Vaqt tezlashib bormoqda....bolalar bir pastda katta bo'lishmoqda. Mavzular esa keskin ko'payib ketmoqda.....ulgurish kerak.

Chaqaloqlar kitob o'qydi...mi?

Yangi tug'ilgan chaqaloqqa 5 daqiqa davomida bo'lsa ham kitob o'qib berish, uning ham aqliy ham mental rivojlanishi uchun juda foydali amaliyotdir. Tadqiqotning ko'rsatishicha, 3 yoshdan 5 yoshgacha bo'lgan bolalarga ko'p kitob o'qilsa, ularning chap miya yarimshari rivojlanar ekan. Bu degani, bolada suhbat qilish, tasavvur qilish, tillarga moyillik kabi ko'nikmalar rivojlanadi.
Kitob o'qilishini ko'p eshitgan bola buyum va so'zlar orasidagi bog'liqlikni ko'ra boshlaydi. Bu esa bolaning miyasini ilmiy, akademik yo'nalishda rivojlanishiga turtki bo'ladi.
Undan tashqari uyquga ketishdan oldin bolaga kitob o'qilsa, bola oson uyquga ketadi va tinch uxlaydi, ota-ona va bola orasidagi ruhiy munosabat yanada mustahkamlanadi.
Bugun shanba kuni, kech payt 10 daqiqa vaqtingizni bolaga kichik bir ertak o'qib yoki aytib berishga bag'ishlang.
Sizning bolangizga bugun ajratgan 10 daqiqangiz uning kelajakdagi 10 yilini belgilab beradi.

Sven Nordkvist

Bolalar adabiyoti bo'yicha Skandinaviya mamlakatlari men uchun eng zo'r hisobalanadi. Skandinaviya mamlakatlari mualliflari go'yoki bolalarning qalbiga kirib chiqqandan so'ng kitob yozadigandek tuyuladi.
Ular dunyodagi bolalar adabiyoti ilmiy trendlarini yaratadilar. Bolalar adabiyoti mualliflari uchun mayoq rolini o'ynaydilar. Ularning kitoblari bo'yicha ilmiy ishlar yoziladi.
Chinakam bolalar adabiyoti qanday bo'lishi kerakligini shaxsan menga o'rgatadilar. Ularning kitoblari bola haqida, bolaning muammosi haqida, bolaning o'y-kechinmalari haqida va faqatgina bola uchun qiziq bo'lgan mavzular haqida bo'ladi.
1 yoshli bolaning ham, 13 yoshlik bolaning ham muammosi bor. Bu muammo esa odobli bo'lish emasligini bu mamlakatlar kitoblari yaxshi tushunadi. Bolalarning muammosini ko'ra olish ham bir san'at aslida.
Skadinav mamlakatlarida bolalarning huquqlari qanchalik yuqori darajada tursa, ularning bolalar adabiyoti ham o'ta mukammal yondashuv bilan, bolalarning o'ta chuqur muammolarini hal qilish maqsadida yoziladi.
Eng muhimi, bu mamlakatlarda kattalar adabiyoti yozuvchilari bolalarnikidan ustun turmaydi! Bunga juda kuchli asos bor!
Quyida Shvetsiyalik Sven Nordqvist rassom va yozuvchining kitoblaridan parchalar keltirdim. Bu kitoblar mo'jizaga o'xshaydi. Kitobdagi illustrasiyalar gapiradi, yuguradi, terlaydi, yig'laydi, cho'kadi, maraydi, to'polon qiladi, qochadi, qo'rqadi, cho'chiydi .........
Bu rassom bolalar kitoblarini yaratish uchun tug'ilgandek. Uning kitoblaridagi dinamika, kuch va effekt bolaga hech qanday multfilm yoki gadjet bera olmaydigan ta'sir ko'rsatadi.
Bu muallif haqida internetda ko'plab ma'lumotlar mavjud. Agar siz bolalar adabiyotiga qiziqsangiz Sven Nordqvistning hech bo'lmasa bir dona kitobi bilan sotib olib yoki youtube orqali tanishib oling.
Uning illustrasiyalaridan ko'z uza olmaysiz. Ba'zi kitoblaridagi illustrasiyalaridan o'quvchining fantaziyasi, tasavvuri qaynab ketadi. Illustrasiyalariga sinchiklab qarasak har o'qiganda yangi qirralar ochiladi. Bunday mualliflar dunyo bolalarining chinakam boyligidir.

Kompyuter savodxonligi

"O'zbekiston-2030" strategiyasida
"Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini 100 foiz kompyuter sinfi bilan ta’minlash orqali tarbiyalanuvchilarda boshlang‘ich kompyuter savodxonligi ko‘nikmalarini shakllantirish" degan joyi bor ekan.
Ha, bugun sun'iy intellekt shundoq uyimizga kirib kelganida bu muhim. Janubiy Koreyada ham bu masalaga ko'p e'tibor qaratiladi.
Mahalliy kutubxonadagi kitob tavsiyalari burchagi har oy almashib turadi. Bugun borsam u yerda bolalarning kompyuter savodxonligini oshirishga qaratilgan 50 dan ortiq badiiy va ilmiy-ommabop bolalar adabiyotlari saralab qo'yilgan ekan. Lekin bu hamma kitob emas. Hammasini javonlarda topsa bo'ladi va ularning soni mingdan oritq bo'lsa kerak.
Kitoblardan parchasini rasmlarda ko'rsatishga harakat qildim. Kitoblar mualliflari: yozuvchilar, dasturchilar, illustratorlar, pedagog va universitet professorlaridir. Lekin kitob mazmuni juda sodda va bolalarga mos tarzda berilgan. Kompyuter savodxonligi bo'yicha kitoblar turli janrlarda 3 yoshdan 18 yoshgacha bo'lgan bolalarga mo'ljallangan.

Bolalar uchun kichik kitobxon tanlovi

Kichik yoshdagi bolajonlar uchun ham kitobxonlik viktorinalarini o'tkazish mumkin.
O'zbekistonda nashr etilgan kitoblar bo'yicha viktorina qoidalarini berib o'tmoqchiman. Bolajonlar savolga javob berishlari uchun postga javoblar varaqasini fayl va rasm sifatida ilova qilaman.
"Kichik kitobxon" viktorinasi (5-8 yoshdagi bolajonlar uchun)
❤Shartlari: Bolalalar oldindan "Tomchi qayerga ketdi?", "Tug'ilgan kunimga sovg'a", "Ajoyib kaktus" va "Quyoshning sirli botishi" kitoblarini o'qib kattalar bilan mazmunini muhokama qilib oladilar.
❤Viktorina kuni barcha bolajonlarga javoblar varag'i rangli printerdan chiqarilib taqdim etiladi.
❤Birin ketin bolajonlarga viktorina savollari beriladi.
❤Barcha javoblar tekshiriladi va savollarga eng ko'p to'g'ri javob bergan bolajonlar taqdirlanadilar.
Savollar:
"Tomchi qayerga ketdi?" (Akademnashr нашриёти)
1. Bunyod do'sti bilan basketbol o'ynaydi. (Javob tanlanadi: Ha/Yo'q)
2. Tomchi nega ketib qoladi? (Javob tanlanadi: Tovushni eshitib/Ajina ko'rib qolib)
3. Tomchi tog'da kim bilan tanishib oladi? (Javobni bola o'zi topadi)
4. Aks sado bilan Tomchi tog'da nima yeydilar? (Javob tanlanadi: Shokolad/Muzqaymoq/Somsa)
5. Tomchi nimaning ortidan ketib qolmoqchi bo'ladi? (Javobni bola o'zi topadi)
"Tug'ilgan kunimga sovg'a" (Akademnashr нашриёти)
1. Qizaloqning dadasi safarda (Javob tanlanadi: Ha/Yo'q)
2. Qizaloq dadasini oldiga borish uchun nima yasamoqchi bo'ladi (Javob tanlanadi: Mashina/Poezd)
3. Qizaloq o'ziga qanday sovg'a yasab oladi? (Javobni bola o'zi topadi)
4. Qizaloq nega dadasini oldiga qanotlarini taqib ucha olmaydi? (Javob tanlanadi: Chunki qanoti singan/Chunki qanoti uni ko'tara olmaydi)
5. Qizaloqning dadasi unga qanday sovg'a olib keladi? (Javobni bola o'zi tanlaydi)
1. Gruzoni bog'ga Yaponiyadan kelgan kaktus bo'ladi (Javob tanlanadi: Ha/Yo'q)
2. Bog'dagi o'simliklar tunda nima qilardilar? (Javob tanlanadi: Uxlar edilar/Jonalanar edilar)
3. Gruzonini nega hafa bo'lar edi? (Javobni bola o'zi topadi)
4. Gruzoni kuchli bo'lish uchun nima qiladi? (Javob tanlanadi: Ko'p ovqat yeydi/Suvdan bahra oladi)
5. Gruzoni nega bog'dagi eng chiroyli kaktusga aylanadi? (Javobni bola o'zi topadi)
"Quyoshning sirli botishi" (Akademnashr нашриёти)
1. Bahromjon oy bilan o'ynashni yaxshi ko'radi (Javob tanlanadi: Ha/Yo'q)
2. Kuz kelib Quyosh nima qiladi? (Javob tanlanadi: Ertaroq botadi/Charaqlamaydi)
3. Bahromjon Quyosh bilan nima o'ynaydi? (Javob tanlanadi: Varrak uchiradi/Lanka tepadi)
4. Quyosh nega bir necha kun ko'rinmaydi? (Javobni bola o'zi topadi)
5. Qish kelganida Bahromjon nega hafa bo'ladi? (Javobni bola o'zi topadi)
Pedagoglar va ota-onalar bolajonlari bilan ba'zi-ba'zida shu kabi viktorinalarni o'tkazsalar, bolalarda kitobga bo'lgan qiziqish bir necha karra ortadi. Bu qiziqish bolalikda shakllansa, keyinchalik so'nishi qiyin bo'ladi.

Kitobga mehr bog'chada boshlanadi

Bog'chada kitobga mehr qo'yishga ulgurmagan bolajonlar boshlang'ich sinfda pedagoglar yordamida mehr qo'yishlari mumkin.
Bu juda oson!
Yarim yillikda bir yoki har oyda bir kun tanlanadi. Dars jadvali orasidan 1 soat kitobxonlik uchun vaqt ajratiladi.
U kun haqida bolalarga oldindan juda qiziqarli tarzda e'lon beriladi.
U kuni:
❤Bolalar uyidan bir qutichada o'zi istagan shirinliklarni olib keladilar.
❤Ertalab bolalarga maktab hisobidan bolalaning yoshiga mos kitoblar "sotiladi". Bolalar u kitoblarni pulga emas, balki pedagog tomonidan taqdim etilgan kuponlarga sotib oladilar. Kupon har bir bolada bo'lishi shart. (Kuponni bolalarga qaysi yo'l bilan taqdim etish pedagogning ixtiyorida) Sinfxonada kichik kitob burchagi yasaladi va u yerdan bolalar o'zi istagan kitobni sotib oladilar. Boshlang'ich sinf bolajonlariga kitoblar rasmli bo'lishi shart☝️. Qodiriy va Cho'lpon kitoblari qanchalik foydali bolmasin, kichik yoshdagi kitobni sevmaydigan bolajonlarga ularning foydasi yo'q.
❤Belgilangan vaqtda pedagog bolajonlar va ular sotib olgan kitoblari bilan maktab atrofidagi biron shinam joyga yoki shunchaki daraxt tagiga boradilar va o'sha yerda kitobxonlik soatini o'tkazadilar.
❤Bu vaqtda bolalar kitob o'qib shirinliklarini yeb o'tirishlari, rasmlarni muhokama qilishlari yoki shunchaki kitobni ushlab gaplashib o'tirishlari mumkin bo'ladi.
Maqsad bolalarni kitob olamiga olib kirish. Kitob o'qitish emas☝️!
Kitob olamiga bola yaxshi emotsiyalar bilan kirib borsa, u shu emotsiyani izlab yana kitobga yuzlanadi. Kitob olamiga dars va yodlash orqali kirib borsa, unda kitobga mehr uyg'onishi qiyin bo'ladi.
⭕️Bu muhim: Bola kitobni bilim olish uchun emas, mazza qilish uchun o'qishni boshlashi kerak.
 

Kitob do'koni