Uyimdagi kutubxona

"Uyimdagi kutubxona" rukni ostidagi postlarni yaxshi ko'raman. Kimningdur "Uy kutubxonasi"dagi kitoblarni tomosha qilib tahlil qilar ekansiz post egasi qanday inson ekanligini bilish qiyin emas.
Kechagina "Scholastic" xalqaro ta'lim va kitobxonlik ilmiy markazining aynan bolalar uchun yaratilgan uy kutubxonalar mavzusidagi bir seminarida qatnashgan edim.
Mavzu juda katta, uning asosiy g'oyasi uy kutubxonalari, hatto uydagi 1 dona kitobning mavjudligi ham bolaning hayotiga qanchalik katta ta'sir ko'rsatishi haqida edi.
Bu postda men seminarda keltirib o'tilgan bir nechta ilmiy tadqiqot haqida aytmoqchi edim. Meni shaxsan bu tadqiqotlar natijasi xursand qildi:
1. Uy kutubxonalari nafaqat bolaning kognitiv faoliyati rivojlanishiga, balki shu bola qariganida o'sha kognitiv faoliyati so'nishini sekinlashtirishga ham yordam berar ekan.
2. Uyida kutuxona bilan o'sgan bolalarda empatiya rivojlangan bo'lar ekan. Empatiya bugun qanchalik muhim ekanligini bilamiz.
3. Mo'jizaga o'xshash, lekin jiddiy tadqiqot: uyida kutubxonasi bor oilalarning umumiy salomatligi kutubxonasi yo'q oilalarnikidan ko'ra yaxshiroq bo'lar ekan.
4. Bolaligidan uyida kitobi ko'p bo'lgan bolalar kitobsiz o'sgan bolalardan ko'ra 23 oyga ko'proq yashar ekanlar.
5. Yana bir mo'jizaviy, lekin ilmiy tasdiqlangan fakt: haftasida 3.5 soatdan ko'p kitob o'qigan bolalarda keyingi 12 yil mobaynida o'lish ehtimoli 3.5 soatdan kam kitob o'qigan bolalarnikidan ko'ra 20% pastroq bo'lar ekan.
Ba'zi ota-onalar bolasini aqlli bo'lishi uchun unchalik qayg'urmasligi mumkin, lekin har bir ota-ona bolasi sog'lom bo'lib uzoq umr ko'rishini istaydi.
Menimcha yuqoridagi ilmiy faktlar bugun uyga ketayotib bolangizga yoki jiyaningizga bir dona kitob sotib olish uchun yetarlicha sabab bo'la oladi.

Qaysi biri foydaliroq?

Komikslar va rasmli kitoblar vizual hikoya qilishning ikki shakli hisoblanadi, ammo ularni bir-biridan ajratib turadigan o'ziga xos xususiyatlari mavjud:
Panellar: Komikslar rasmlar va matnni o'z ichiga olgan panellardan iborat bo'ladi. Ushbu panellar hikoyani o'quvchiga yetkazish uchun ma'lum bir ketma-ketlikda, o'lcham va shaklda joylashtirilgan bo'ladi.
Rasmli kitoblarda panellar uchrab turadi, lekin ularning ko'rinishi va vazifasi komikslarnikidan keskin farq qiladi.
Nutq pufakchalari: Nutq pufakchalaridan komikslarda dialog, fikrlar va hikoya matnlarini namoyon qilish uchun qo'llaniladi. Ularning joylashuvi panelni ichida yoki ma'lum bir maqsad bilan boshqa joyda bo'ladi. Ba'zi rasmli kitoblar dialoglarni pufakchalarga olishi mumkin bo'lsa-da, bu komikslarga qaraganda kamroq tarqalgan va ular komiksdagichalik muhim ahamiyatga ega emas.
Vizual dinamika: Komikslar hikoyani yetkazish uchun vizual elementlarga qattiq tayanadi. Mimika, tana tili va harakatlar ketma-ketligi hikoyani namoyon qilishda juda muhim bo'ladi. Rasmli kitoblarda rasmlar har doim ham dinamikani namoyon qilmaydi, bunga ehtiyoj ham bo'lmasligi mumkin.
Serial yoki seriya formati: Komikslar ko'pincha seriayalarda chiqariladi. Ba'zida ular to'plam shaklida ham nashr etilishi mumkin. Rasmli kitoblar ham seriyalik bo'lishi mumkin, lekin bu juda kam tarqalgan holat. Rasmli kitoblar asosan donalab chiqariladi.
Turli badiiy uslublar: Komikslarda juda batafsil, realikka yaqin va mayda detallarga ega uslublardan tortib abstrakt va mavhum badiiy uslublardan foydalaniladi. Rasmli kitoblarda rasmlar va matnlar chambarchas birlashtirilgan. Rasmlar voqeani aytib berish uchun matn bilan tandemda ishlaydi va rasmlar ko'pincha to'liq sahifalarni egallaydi.
Janrlar: Komikslar turli janrlarni qamrab olishi mumkin, jumladan, superqahramon, ilmiy fantastika, fantastika, roman, daxshat va boshqalar. Rasmli kitoblar bolaning psixikasiga mos janrlardan iborat bo'ladi.
Maqsadli auditoriya: Komikslar bolalar, o'smirlar va kattalar uchun yaratilishi mumkin. Rasmli kitoblar asosan bolalar uchun yaratiladi.
Hikoya uzunligi: Rasmli kitoblar komikslarga qaraganda odatda qisqaroq bo'ladi. Ular bir o'tirishda va keyinchalik qayta-qayta o'qish uchun mo'ljallangan bo'ladi. Komikslar odatda qayta o'qilmaydi.
Yagona rasmga urg'u berish: Rasmli kitoblar bir qator rasmlar orqali hikoya qilsa-da, har bir alohida sahifada odatda matn bilan birga bitta rasm mavjud bo'ladi. Komikslarda har bir sahifada bir nechta rasm panellari muhim bo'lishi mumkin.
Qaysi biri foydaliroq?

Gazeta saytidagi maqolam

Ўзбекистонда сўнгги вақтларда болалар китоблари бозорида таклиф кўпаймоқда. Ёзувчи Динара Мўминованинг фикрича, бундай шароитда фарзандига китоб излаётган ота-оналар учун маёқ вазифасини ўтовчи китоб танловлари ва тавсиявий рўйхатлари зарур. Танловлар болалар адабиётини янада жонлантириши мумкин.

https://www.gazeta.uz/uz/2023/10/26/books/?fbclid=IwAR2clfKgpNPJokC0_3i4AaCYfWPM20vtYSptNwfXVXbNHIKsIdRf-u2CIJU

Bu kitobni taniysizmi? The Giver

Asaxiy Books da chiqqan Djordj Oreulning "1984" nomli kitobini ko'pchilik biladi. Ko'pchilik o'qigan ham. Bu kitob dunyoda bestsellerlardan xisoblanadi. Kitobning zo'r maqsadi bor. Uni chet elda o'smirlar o'qiydi. Maktabda o'qituvchilar tavsiya qiladi. Lekin bu post bu kitob haqida emas. Aynan mana shu maqsadga ega boshqa bir kitob haqida yozmoqchi edim. Bu kitob go'yo"1984" ni bolalar uchun yozilgan versiyasidek.
Men yozmoqchi bo'lgan kitob 10-12 yoshdan katta bolalar uchun. Maqsadi ham huddi "1984" niki kabi. Lekin bolalar tushunadigan tilda yozilgan. Juda oson o'qiladi, bolani o'ylantiradi. Bolada minglab savollarni yuzaga chiqaradi. Bu kitob kuchli emotsiya beradi va bola u haqida ota-onasi bilan gaplashmoqchi bo'ladi. Zo'r kitob.
Lois Lowry "The Giver". Unda siyosat yoki bola uchun tushunarsiz bo'lishi mumkin bo'lgan matnlar yo'q, lekin o'sha "tizim" bor, hamma uning qoidasiga amal qilishi kerak bo'lgan "tizim". Kitobda bu "tizim" bolalarning haqiqatlari orqali ajoyib emotsional tarzda yoritib bergan. Eng muhimi u 10-12 yoshli ba'zida undanda kichik yoshdagi bolani chuqur o'ylantiradi.
10-12 yoshida "The Giver" kitobini o'qigan bola keyinchalik "1984" ni o'qisa uning asl ma'nosini yaxshiroq tushunadi, deb o'ylayman. Kitobni o'qish oson, lekin u haqda mulohaza qilish, xulosalar chiqarish hammaga ham oson emas. Buning uchun bola kichikligidan tafakkur qilishga undovchi kitoblar o'qigan bo'lishi kerak. "The Giver" kitobi aynan shunday kitoblardan. Agar hurmatli Firuz Allaev shu kitobni O'zbekiston bolajonlariga o'zbek tilida taqdim eta olganlarida edi "1984" kitobini chuqur mulohaza qila oladigan kattalar ham ko'payar edi, deb o'ylayman. Albatta, bu bir taklif. Hammaning o'z rejalari bor.
Lekin qachondur "The Giver" kabi kitoblarni o'zbek bolajonlari ham o'qishlarini juda istardim. Rus yoki ingliz tilida o'qishni biladiganlar bolajonlar uchun #tavsiya qilaman.

Tafakkur

Youtubeda, telegram kanallarda chiqayotgan ba'zi marafonlarni ko'rib, bu marafonlarni odamlar sotib olayotganini bilib achinib ketaman.
Pul ketqazib nafaqat foydasi tegmaydigan, balki zarar ham keltirishi mumkin bo'lgan marafonlarni sotib olishmoqda. Nega?
Hozir ko'pchilik bilim olishga intilmoqda. Faqat "bilim" bilan "bilim"ning farqi bor ekanligini tushinish uchun tafakkur kerakligiga ahmiyat bermayapmiz. 21 asrda, informatsion zo'riqish davrida, sun'iy intellekt keskin rivojlanib borayotgan paytda bu qobiliyatsiz yashash eng katta zaiflikdir.
Ma'lumot va bilimlar ummondek ko'payib ketayotgan davrda aynan tafakkur bizga kerakli ma'lumotlarni saralay olishga yordam beradi. Aynan tafakkur rivojlangan bo'lsa, biz chinakam bilimni topa olamiz va uni amalda qo'llay olamiz. Aks holda, bo'lar-bo'lmas, bema'ni, zararli, sifatsiz ma'lumotlarni chinakam bilim deb bilib, shu kabi ma'lumotlardan iborat marafonlarga pullar to'lab hayotimizni izdan chiqarishimiz ham hech gap emas.
Tafakkur rivojlanmagan bo'lsa, bilimning hech qanday foydasi bo'lmaydi. Eng qizig'i, kattalar qancha ko'p bilim olmasin, tafakkurini rivojlantira olmaydi. Bilimi ko'payadi, lekin bu bilimni tahlil qilib to'g'ri qo'llash uchun tafakkuri bo'lmaydi. Tafakkur bolalikda rivojlanadi!
Bolalikda har kuni o'qilgan, ota-ona bilan muhokama qilingan va taasurot qoldirgan kitob tafakkurni rivojlantiruvchi samarali omillardan biridir. Kech qolmang!
Bugungi bolalar sun'iy intelekt bilan birga o'smoqdalar. Kelajakda ular hech bo'lmasa reallikni ajrata olishlari uchun tafakkur qilishni bilishlari kerak bo'ladi.
Bolangizning eng zo'ri 7 yoshigacha, ulgurmagan bo'lsangiz 12 maksimum 18 yoshigacha ko'plab omillar yordamida tafakkurini rivojlantirishga ulguring. Keyin kech bo'ladi.
BOLALAR ADABIYOTI tafakkurni rivojlantiruvchi samarali vosita!

Uyatchan fil

Tandirdan!
Amazonga rahmat. Yangi kitobim qo'limda.
Bu kitob illustrasiyalari ustida koreyalik ustozim rassom-illustrator boshchiligida ishladim.
Kitob uyatchan fil haqida. Uyatni yengish oson emas. Lekin u uddalaydi. Do'stlari yordami bilan uddalaydi.
Ushbu kitob bolajonlarga uyatni yengish uchun qo'llanma bo'la olsa, boshim osmonga yetadi.
Amazon orqali buyurtma bera oladigan barcha mamlakatlarda sotuvda mavjud.
Qizim maktabdan kelib stolda turgan unga tanish filni ko'rib xursand bo'lib ketdi. Bu fil kitobda paydo bo'lgunicha qizim bog'chani tugatib maktabga chiqishga ham ulgurdi.
...
Dinara Mo'minovaning yangi "Uyatchan fil" degan kitoblari meni judayam iftixorga to'ldirdi. Ortiqcha maqtashmas, kitob rostdan ham juda sifatli tayyorlangan. Rasmlari ham bolalar uchun juda shiringina usulda chizilgan, syujet ham qiziq, kitobdan olinadigan xulosa ham juda chiroyli. Bolalarim bilan birinchi o'qiganimizda qiziqib ikki qayta o'qittirishdi, 4 yoshli qizim esa: "Ayajon, men xoxlaymanki, bu kitobni kuniga ikki marta o'qib bering" dedi. Aynisa, kitobdagi salli-valli so'zini qayta-qayta o'qittirib xoxolab maza qilib kuldi. Yana bir yoqqan jihati, ertaklardagi kabi qaytalanish bor. Ya'ni, bir xil dialog yoki bir xil holat tartibi bilan sodir bo'ladi, xuddi tilla baliqcha 3 kun ketma-ket cholning bir xil mazmundagi so'roviga bir xil javob bergandek. Bolalarim ham shunisini sevdi. Takroriy so'zlarni yodlab ham olishdi. Kitob uchun kaaaatta rahmat!

Navbatdagi uchrashuv

Navbatdagi uchrashuvimiz!
"UzBOOKistan" loyihasi doirasidagi bugungi uchrashuvimizdan shunaqa xursand bo'ldim. Bugun 12 bolajon bilan birgalikda "Yulduz nega tushmaydi" kitob mutolaasi orqali
Galaktika mavzusiga kirib bordik.
Uchrashuv davomida bolajonlarga STEM ta'limi, o'zbek tilidagi so'zlar bilan tanishuv, muhokamalar, tanqidiy fikrlashga oid faoliyatlar berildi.
Bolajonlar har doimgidek meni lol qoldiradi. Biri-biridan zukko va bilimga chanqoq. Afsus rasmlarda bolajonlarning charaqlab turgan ko'zlarini namoyon qilolmayman. Ular bilan xayrlashgim kelmaydi.
Bolajonlarga ZOOMga kirish uchun sharoit yaratib bergan ota-onalarga minnatdorchiligimni bildiraman.
Afsus bu kitobim O'zbekistonda hali chiqishga ulgurmadi. Akademnashr нашриёти dan umidlarim katta. Xudo hoxlasa bir kun o'zbek bolajonlariga ham shunday uchrashuvlar uyushtiramiz.
P.S. Agar shu postni uchrashuvda faol bo'lgan 5 yoshlik Ismoilbekning onajonlari o'qiyotgan bo'lsalar, iltimos menga PM yozib yuborsangiz.

Emotsiya

Emotsiya!
Bola bilim olayotganida uni ijobiy emotsiya bilan birga olsa, bu bilim osonroq miyaga kiradi va sifatliroq joylanadi.
Ijobiy emotsiya turli xil bo'lishi mumkin: hayrat, achinish, qiziqish, ishtiyoq, quvonch, ajablanish, anqayib qolish? (confusion), zavqlanish, baxt va hokazolar.
Maktabgacha ta'lim va boshlang'ich ta'lim jarayonida pedagog bolaga bilim berayotganida rasmli kitoblardan foydalanishi bolada aynan emotsiya uyg'onishiga yordam beradi.
Darslik emotsiya bermyadi.
Rasmli kitob esa beradi.👍
Yangi mavzuni o'zlashtirishda pedagog mavzuga oid bolalar kitoblaridan topib dars jarayonida 5-7 daqiqa vaqt ajratib foyodalansa mavzu oson va tez o'zlashtirilar ekan.
Quyida esa bolaga ajoyib emostiya beruvchi Harper Lee muallifligidagi ajoyib illustrasiyalar.

Nega bolalar rasmli kitobni qayta-qayta o'qishni istaydi?

Nega bolalar rasmli kitobni qayta-qayta o'qishni istaydi? Buning yaxshi tomoni bormi?
Aslida bola rasmli kitobni qayta-qayta o'qiyotganida u har xil kitob o'qiyotgan bo'ladi. Kattalar uchun bu rasmi bor bir hikoya bo'lishi mumkin. Lekin bolaning kuchli tasavvur qilish qobiliyati tufayli unga yoqqan kitobni u 100 marta o'qisa ham, xayolida turlicha hikoyalar tuza oladi.
Buning sababi bolalar kitobning verbal kuchidan ko'ra vizual kuchidan ta'sirlanadilar. Bu ayniqsa, televizor va keyinchalik kompyuter va telefonda katta bo'glan avlodlarga tegishli.
Rasmli kitoblarda rasm va matnning o'zaro o'yini bolalar xayolida ko'plab hikoyalar to'qilishiga imkoniyat ochib beradi,
Rasmli kitobni "o'qish" jarayonida bola matnni rasm bilan bog'laydi va teskarisiga rasmni matn bilan bog'laydi. Ikki jarayon har gal turlicha natijalarni chiqaradi. Eng muhimi, bu jarayonda bolaning xayolini chegaralash mutloq mumkin emas.
Yaqinda menga bir video yuborishdi. Unda bog'chaopa bolajonlarga "Tomchi qayerga ketdi?" rasmli kitobimni juda qiziqarli tarzda o'qib berayotgan ekan. Lekin! u rasmlarni bolalarga ko'rsatib bolalar xayolini chegaralab qo'yayotgan edi.
Bog'chaopa "Tomchi juda qiziquvchan qozichoq ekan", deya "u buloqlarga qiziqar ekan", deb bolaning xayolini chegaralab qo'ydi. Bu yerda bola Tomchi nimaga qiziqishini o'zi istaganicha xayolida tasvirlashi kerak va bunda kosmosdan tortib chumoli singari xayollar bolada paydo bo'lishi mumkin. Bu xayollar uyg'onishiga pedagog ta'sir etishni bilishi kerak.
Yoki
Bog'chaopa "Bunyod bilan Tomchi haqiqiy do'st, deb o'qidi. Bu yerda qo'shimcha qilib bog'chaopa "ular bir-birini juda yaxshi ko'rar edi", deb o'z fikrini qo'shib qo'ydi. Lekin bolalar boshqa fikrga ham kelishlari mumkin. Ularning tasavvurini chegaralash mumkin emas.
Pedagog bolalar bilan rasmli kitob mutolaa qilayotganida ularga o'z fikrini aytishdan ko'ra, bolaning fikrini so'rashi muhim! Ularning tasavvurini qo'zg'atishi, qitiqlashi muhim.
Yuqoridagi misollarda "Tomchi nimaga qiziqardi?", "Sen ham Tomchiga o'xhshab bunga qiziqasanmi? ", "Nega bunday deb o'ylayapsan", "Tomchi bilan Bunyod bir-birga qanday munosabatda?", "Tomchi Bunyoddan qo'rqadimi?" kabi savollar bilan bolani suhbatga chorlashi va tasavvurini kuchaytirishga imkon berishi kerak.
Shuning uchun rasmli kitoblarda matn kam bo'lishiga qaramay u haqda bolalar bilan soatlab suhbatlar qursa bo'ladi. Chunki bolalarning fantaziya va tasavvuri juda kuchlidir. Aynan shu qobilyatlarni rivojlantirish ham rasmli kitoblarning maqsadi hisoblanadi.
Buning uchun pedagog bolalar xayoli va tasavvurini chegaralamay, balki suhbat va mutolaa davomida yuzaga chiqarishni bilishi kerak.
Rasmli kitoblarni qayta-qayta oq'igan bola aslida aqlli va tasavvuri chegaralanmagan boladir. Agar bola rasmli kitobni qayta ko'rishni istamayotgan bo'lsa, rasmlarni uzoq tomosha qilmayotgan bo'lsa, rasm va matn haqida suhbat qilishni istamayotgan bo'lsa, demak uni ko'p chegaralaydilar. Pedagoglar shunga ahamiyat berishlari lozim.

Yangi loyihamizdan

Kecha AQSHda yashaydigan o'zbek bolajonlari bilan noana'naviy uchrashuv qildik.
Bolajonlar uchrashuvga oldindan
tayyorlangan edilar. Ular "Eng zo'r chumoli" nomli kitobim bilan tanishib chiqqan edilar. Uchrashuv davomida esa kitob bo'yicha suhbatlar, o'yinlar va savol-javoblar qilindi.
Bolajonlarning yoshi nazarimda 1 yoshdan 14-15 yoshga qadar edi. Ekranimga barcha bolajonlar sig'magani uchun hisobda adashayotgan bo'lishim mumkin. Kamida 20 bolajon qatnashdi.
Meni xursand qilgan jihat shunda ediki, bolalarning o'zbek tilidagi kitobga, o'zbek muallifga qiziqishi juda baland edi. Axir AQSH bolajonlari bolalar adabiyotiga to'yib o'sishi hech kimga sir emas.
Lekin ota-onalari berayotgan tarbya, qadriyat va madaniyat tufayli bu bolajonlarning o'zbek tilidagi kontent va muloqotga ham qiziqishlari baland edi. Bu boylik! Musofirchilikda yashayotgan oilalarning chinakam boyligidir bu. Bu boylikning mevasini mana shu bolajonlar katta bo'lishganida ota-onalari ham bolajonlarning o'zlari ham tatiydilar.
Uchrashuvni tashkillashtirgan Tahseen Foundation USAdan tashakkurnoma ham oldim. Minnatdorman!

Kitob do'koni