Kitobxon jamg'arma kitobchasi

FB dagi lentamda viloyatlarda yangi kutubxonalar ochilganligi haqidagi postlarni ko'rib bir narsa hayolimga keldi. Bolalar kitobxonligi bir kunda rivojlanadigan holat emas. Unga bir necha omillarning ta'siri va vaqt talab etiladi. Mana shunday omillardan biri bilan bo'lishmoqchiman.
Bolaga kitob o'qishi uchun stimul talab etiladi. Atrofda yengil dofamin beruvchi gadjet ko'rinishidagi stimullar ko'p bo'lganida kitobga nazar qaratish oson bo'lmaydi. Mana shunday payt kutubxonalar, kitob do'konlari, nashriyotlar, maktab va maktabgacha ta'lim tashkilotlari ajoyib sun'iy stimul yaratishlari mumkin.
Bu juda arzon va oson.

Oz qoldi...

Oz qoldi! Kitob konsepsiyasi tayyor. Rasm va dizayn yakunlanish arafasida. Tahrir ishlari bitsa, hudo hoxlasa matematikaga taaluqli Xo'rozqand haqidagi kitobim Amazonda paydo bo'ladi.
Barcha kitoblarimda imkon qadar STEAM ta'limiga oid biron fakt qo'shishga harakat qilaman doim. Chunki rasmli kitob bu nafaqat adabiy syujet, balki pedagog qo'lidagi kuchli pedagogik instrument ham.
Bu galgi kitob mutlaqo STEAM yo'nalishida bo'ldi. Xo'rozqandning chiqishlari esa ba'zi qo'shimcha mavzularni ochishga, o'quvchi ongida savollar paydo bo'lishiga undaydi, degan umiddaman.

Loyihamizdan...

Shirintoy, faol bolajonlar bilan uchrashuvimizdan lavhalar. "UzBOOKistan" loyihasining navbatdagi ko'rinishi.
Bu gal bolajonlar bilan:
1. "Do'stlik" haqida suhbatlashdik
2. O'zbek tilidagi 5 ta yangi so'z bilan tanishdik
3. Kitob mazmunini o'zbek tilida aytib berishni o'rgandik
4. Kitob qahramonlariga o'zbek tilida munosabat bildirishni o'rgandik.
5. Mutolaa qildik.
6. O'ynadik.
7. Suhbatlashdik.
Bugun bolajonlar juda faol edilar. Musofir yurtlarda O'zbek tiliga befarq bo'lmayotgan ota-onalarga rahmat!
Kelasi uchrashuvimiz Oktyabr oyida bo'lib o'tadi. Bugun bolajonlar so'ragan "Nega yulduz tushmaydi?", "Ajoyib kaktus" yoki "Eng zo'r chumoli" kitoblarimdan birini tanlayman.
Uchrashuvlarimizni o'tkazib yubormaslik uchun ushbu telegram kanaliga obuna bo'lib olishingiz mumkin: https://t.me/uzbookistanDM

Bola kitobni qanday o'qishi kerak?

Menga ota-onalar tomonidan eng ko'p beriladigan savol:
❓ Bola kitobni qanday o'qishi kerak?
Bu savolga javob juda oddiy.
ISTAGANICHA! 👍
Yotvalib, ovqat yeb, kitobni ag'darib, to'nkarib, boshidan ohirigacha, ohiridan boshigacha, o'rtasidan boshigacha, boshidan o'rtasigacha, butun kitobni, faqat 2 betini, bir kitobni qayta-qayta, har kuni yangi kitobni, uyqudan oldin, uyqudan keyin, televizor ko'ra turib, televizor ko'rmay turib, ko'chada, uyda, metroda, mashinada, o'tirib, turib, yotib, xarflarni o'qimasdan, xarflarni o'qib, tez, sekin, baland ovozda, ichida, pichirlab, orada gaplashib, orada savollar berib, kitob o'qib turib rasm chizib, o'qiyotganini ko'rsatib, o'qiyotganini bekitib.................................................bola kitobni ISTAGANICHA o'qisin.
Qo'lida kitob turibtimi, uni qanday o'qish bo'yicha bolani chegaralamang, qolipga solmang, o'rgatmang.
Bola o'ziga va kitobga zarar keltirayotmagan bo'lsa, bo'ldi!
Qolgani mutlaqo muhim emas.

Bolalar kutubxonasi haqida

Bolalar kutubxonasida nima muhim?
Yaqinda shahrimizda yangi kutubxona ochilganini eshitib borib kelishni rejalashtirgandim. Borib kelib Koreyadagi bolalar kutubxonalari o'ta yuqori saviyali ekanligiga yana bir bora amin bo'ldim. Dunyodagi ko'plab mamlakatlar bolalar kutubxonalarida bo'lganman, lekin menga baribir Koreyadagi bolalar kutubxonasi yoqadi. Negaligini tushuntirib beraman.

Shaun Tan - siz bilishingiz kerak bo'lgan rassom

Shaun Tan. Agar siz rasmli kitob-picturebooks ga qiziqadiganlardan bo'lsangiz, bu ismni esalb qoling. Bu avstraliyalik muallif o'zining ajoyib rasmli kitoblari bilan dunyoni zabd etgan. Uning kitoblari asosida ilmiy ishlar yoziladi. Uning kitobi minglab mualliflarni ilhomlantiradi, bolajonlarni boyitadi. O'zim Shaun Tan ijodi bilan bir necha yil avval tanishgan edim, lekin uning kuchini tushunishimga vaqt kerak bo'ldi. Bugun bu ijodkor mening seviml ijodkorlarimdan, deya bemalol ayta olaman. Uning emotsiyaga to'la kitoblari HECH KIMNI befarq qoldira olmaydi. Shaun Tan kitoblarida illustrasiya bilan matn nafaqat uyg'unlashadi, balki bir biriga singib ketadi. Uning qahramonlari hayolingizda yuradi. Uning kitoblari betlarida emotsiyaning eng kuchlisini ko'ra olasiz va o'z ichingizdan o'tkazasiz. Shaun Tan kitoblari bilim bermaydi, bu kitoblar bilimni shundoq ichingizga singdirib qo'yadi. Kitoblaridagi vizual ta'lim esa neyrofiziologik darajada yuz beradi.

Kutubxona ochildi!

Bugun yurtimizda bayram. Yo'q, men hozir mustaqillik bayrami haqida yozmoqchi emasman. Mustqaillik bayrami shundoq ham keng nishonlanadi. Men bugun xalqimizning boshqa bayrami haqida post yozmoqchiman.
31 avgust kuni Toshkent shahrida zamonaviy bolalar kutubxonasi ochildi. Bu kun tarixda bayram sifatida qolishi mumkin. ☝️Agar...!

Non-fiction janri haqida bilasizmi?

Non-fiction - to'qib chiqarilmagan hikoyalar janri menga juda yoqadi. Bu janr orqali bolalarni dunyoning ajoyibotlari, buyuk insonlar, tarix, ilm-fan, psixologiya va yana minglab "kattalar" mavzulari bilan tanishtirish mumkin.
Non fiction janrining o'zi bir qator kategoriyalarga ajratilgan bo'ladi:

Yangi g'oya

O'tgan yili Busanga borganimda Busan san'at muzeyida Kim Yeoung Gwan kreatorning ko'rgazmasidan hayratda qolib bir kitobga g'oya tug'ilgan edi. U payt Sirk haqidagi kitob ustida ishlayotganim uchun bu g'oyani yozib chetga olib qo'ygan edim. Mana nihoyat shu g'oyani amalga oshirish vaqti keldi.
O'zim kichikligimdan matematikani juda yaxshi ko'raman. Matematika bo'yicha rus maktabida ham o'zbek maktabida ham sinfda birinchi edim. Keyin taqdir taqazosi bilan soham mutlaqo o'zgarib ketdi, lekin bu fanga mehrim kamaygani yo'q.
Bugun men shakllarning vizual go'zalligini aks ettiruvchi matematikaga oid bir bolalar kitobi ustida ishlayapman. Bu borada "non-fiction narrative" janriga oid yangi kursda ham t'alim olmoqdaman. G'oya paydo bo'lishi bir xursandchilik, lekin uni endi ochish men uchun katta mashaqqatni tug'diradi. Chunki bolalarga biron fan haqida so'zlash oson emas. G'oyam kitob bo'ylab bolajonlarga qiziqarli tarzda namoyon bo'lishi uchun izlanmoqdaman. Kecha kunim mahalliy kutubxonada o'tdi. Rasmli kitob turkumidagi barcha matematikaga oid kitoblarni tahlil qilib chiqdim.
Biroz yo'l ko'rindi. Olayotgan darslarim yakunlangach yanada aniqroq bo'ladi degan umiddaman.
Bolajonlarni matematika faniga, uning go'zalligiga bir kichik parchasi orqali qiziqtirish navbatdagi kitobimning maqsadidir.
Kutubxonamizda karis va chet mualliflarning matematikaga oid 1000 dan ortiq rasmli kitoblari bor ekan.

Olim bo'lish qiyin emas!

OBSERVE!
Mana shu so'zni butun kuch va ma'nosini ko'rsata oladigan o'zbek tilidagi so'zni topa olmadim.
Otam fizika sohasida katta olim bo'lganlari uchun, ilm-fan va olimlarni juda hurmat qilaman. Lekin ilm-fanga bolani qiziqtirish bunchalik oson emas. Bolalarga ilm-fan o'rgatadigan to'garaklar bo'lsa ham ko'p emas, chunki ilm-fanni bolaga qiziqarli qilish IT singari oson emas.
Uy sharoitida bolada ilm-fanga qiziqish kichikligidan paydo bo'lishi uchun bolada birgina ko'nikmani shakllantirish juda muhim. Bu ko'nikma nafaqat olim bo'lishiga balki hayotdan zavqlanishga ham o'rgatadi.
Bu ko'nikmaning nomi OBSERVE! Buning ma'nosi kuzatish, tahlil qilishni anglatadi. Bola qanday observe qilishi mumkin?
Aslida olti oylik bolada ham bu ko'nikma tabiiy ravishda bor bo'ladi. Unga hamma narsa qiziq, hamma narsani ushlab ko'rishni, yeb yoki o'ynab ko'rishni istaydi. Yurishni bilgan bola albatta suvga bosib ko'rishni hoxlaydi. Gapirishni bilgan bola "Nima uchun?" degan savollari bilan onani qiynaydi. Ya'ni bolalarga mana shu OBSERVE qobiliyati tug'ilganidan berilgan bo'ladi. Ba'zi ota-onalar mana shu qobiliyatning ehtiyojini qondirishga vaqti bo'lmay, bolaning qo'liga smartfon tutqazib qo'yadi yoki IT o'quv markaziga yuboradi-da butun bir "OBSERVE" ko'nikmasini uxlatib qo'yadi. Bolalikda foydalanilmagan neyronlar uxlab qolishini bilamiz.
Agar tarixga, buyuk olimlar faoliyatiga, Nobel mukofoti sovrindorlarining hayotiga nazar soladigan bo'lsak hammasi aynan OBSERVE qilishdan boshlaganlar. Hammasi aynan shu qobiliyat ularni olim qilganini ta'kidlaganlar. Aynan shu ko'nikma ularga yer gravitatsiyasini, immunitetni, planetalar joylashuvini, gaz og'irligini va minglab buyuk ixtirolarni ochishga yordam berganligini tan olganlar.
Kichik yoshda mana shu OBSERVE ko'nikmasini rivojlantirishga yordam beradigan juda samarali vosita bu rasmli kitobdir👍. Aynan rasmli kitobdagi rasm detallarini "observe" qilish orqali bola jarayonni kuzatishni, tahlil qilishni, tafakkurni, tandiqiy fikrlashni o'rganishni boshlaydi. Aynan rasmli kitoblar bolaning e'tiborini bir joyda uzoq vaqt ushlab turishni o'rganishga yordam beradi. (Aytgancha, bir necha soniyalik tik-tok videolari aynan shu ko'nikmani o'ldiradi)
Agar siz olim katta qilmoqchi bo'lgan ota-ona bo'lsangiz, aynan rasmli kitoblarni bolajoningizga olib berishga shoshiling. Bolaning 8-9 yoshiga qadar vaqtingiz bor.

Kitob do'koni