Kim aybdor?

Kim ma'sul?
G'ofur G'uloming "Shum bola" asari dunyoning eng buyuk bolalar adabiyotlari ro'yhatidan joy olganligi haqida eshitganimda biroz hayron bo'lgan edim.
BBCning "The 100 greatest children's book of all time" maqolasiga binoan(https://www.bbc.com/.../20230522-the-100-greatest...) 100 kitob ajratib olinishida 177 ekspert qatnashgan. Ular orasida O'zbekistonliklar ham bor ekan. Har bir ekspert o'z mamlakatining 10 dona asarini ovozga qo'ygan va natijada 100 top asarlar tanlab olingan.
Ana shu jarayon haqida ma'lumot izladim. Lekin O'zbekistondan kim ekspert sifatida qatnashganini, qanday asarlar chiqarilgani haqida biron ma'lumot topa olmadim.
"Shum bola" asarining to'liq ingliz tilidagi adabiy tarjimasi mavjud emas, demak 177 ekspert unga ovoz berayotganlarida uning qisqa mazmuni bilan tanish bo'lganlar, xolos.
Bu asarni O'zbekiston nomidan kim tavsiya etgan ekan? O'zbekiston bolalar kutubxonasimi, Yozuvchilar uyushmasimi, Maktabgacha va maktab ta'lim vazirligimi yoki O'zbekiston ma'naviyat va ma'rufat markazimi, balki Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligimi? Javobini bila olmadim.
☝️Bilmoqchi bo'lganimni sababi "Shum bola" asari bolalar adabiyoti ekanligini ilmiy tasdiqlovchi manba bormi, deb so'ramoqchi edim.
So'ng o'zim ushbu chinakam buyuk asarni qayta o'qib chiqdim. U haqiqattan zo'r, buyuk va tarixiy manzarani ko'rsatib beradigan asardir. Lekin u bolalar adabiyotimi?
Bolalar adabiyoti nima degani❓
Bolalar adabiyoti bo'yicha eng ilg'or mamlakat hisoblanmish Buyuk Britaniyaning Oxford lug'atiga ko'ra:
Bolalar adabiyoti deb bolalar uchun maxsus yaratilgan yoki ularni qiziqtiradigan kitoblarga aytiladi. Bolalar adabiyoti turli janrlardan tashkil topgan bo'ladi: rasmli kitoblar, hikoyalar, she'riy to'plamlar, allalar, ertaklar va ta'lim kitoblari. Bolalar adabiyoti bolalar yoshiga mos kontent, til va rasmlardan iborat bo'lishi kerak. Uning maqsadi bolalarga ta'lim berish, mazza qildirish va ilhomlashtirish bo'lishi kerak. Qo'shimcha ravishda, bolalar adabiyoti bolalarni adabiyot bilan tanishtirish, kitobxonlikni rivojlantirish va o'qishga ishqibozlikni oshirishda muhim ahamiyatga ega.
"Shum bola" asaridagi quyidagi iboralar yuqoridagi ta'rifga munosibmi❓
❌...ustiga poxoldan to'r to'qilgan konyaklar ham ko'rinar edi...
❌...yariqrab turgan kattakon mis chilimning sarxonasiga tamaki ❌...bosib....kashandaning xizmatiga yugurar edi...
❌-Buvingni...-deb so'kardi...
.❌..shu xotinning singlisi bilan o'ynashib...
❌"shoxidan" ushlab...bo'g'ziga pichoq tortib yubordim...
❌"o'lik yuvish" haqidagi sahna ko'rinishi
❌ tandirxonadagi sahna ko'rinish
❌...nima deyapsan, manjalaqi
❌...qo'shmachi....
❌...bachcha tushdingmi? ....o'zing bachcha bo'laqol, qosh ko'zing kelishgan...
❌giyohvandlar....
❌besoqollar...
❌...chilimni shuqur tortdi, o'zi ham zo'r, Qarshining tamakisi edi...
❌ikki qadoq nasha, chorak qadoq afyun...
Men bolalar adabiyotiga pedagog sifatida qarayman. Yuqoridagi so'zlarga ega asarni 13 yoshlik qizimga tavsiya eta olamanmi?
Dunyodagi eng buyuk bolalar asarlari orasida o'zbek asari borligidan g'ururlangim keldi, lekin bu asarni na qizimga va boshqa barcha bolalarga g'urur bilan tavsiya eta olmadim!

Rasmli kitobni o'qish jihatlari

Ilmiy tadqiqotlarning ko'rsatishicha, bolalar rasmli kitob ko'rayotganida 3 jihatiga e'tibor qaratadilar:
1. Rasmiga
2. Matniga
3. Dizayniga
❤Bolalarda 👍o'z hikoyasini uyg'ota oladigan👍 rasmlar bolalar e'tiborini torta oladi.
❤Bolalar tushunadigan va ularning yoshida muhim bo'lgan mavzuga boy matnlar bolalar e'itborini torta oladi.
❤Shrifti, ranglar tanlovi, rasm va matn joylashuvi, kitob o'lchami, qog'oz turi, muqova, ichki muqova, matn hajmi va shu kabi detallar qanchalik bolaning psixologiyasiga, kitobning janri va mazmuniga munosib tarzda dizayn qilingan bo'lsa bolalar e'tiborini torta oladi.
Agar rasmli kitobda bolani shu 3 jihat o'ziga rom eta olgan bo'lsa, biling, bolaga bu rasmli kitob ijobiy ta'sir ko'rsata oladi. U kitobning kuchi va samarasi yuqori bo'ladi.
Kitob do'konlarida 3-8 yoshlik bolalarga rasmli kitoblar izlayotganingizda ana shu 3 jihatda e'tibor qarating.
Rasmda G. Anderson mukofoti sovrindori Suzy Lee illustrasiyasi.

Minnatdorman!

Dunyoda rasmli kitoblarni ilmiy o'rganish boshlanganiga tarixiy jihatdan ko'p vaqt bo'lmagan. Lekin shunga qaramay rasmli kitoblarning bolaning kognitiv rivojlanishiga ijobiy ta'sir ko'rsatishi haqida ko'plab tadqiqotlar mavjud.
Yaqinda bir muxlisdan "Tug'ilgan kunimga sovg'a" kitobim haqida ajoyib audiotashakkurnoma oldim. Ummu Maryam imsli bir ayol 7 yoshlik qizlari kitobim tufayli ixtirolarga qiziqib qolganliklari haqida aytdilar. Aynan shu kitobni o'qishganidan so'ng onalari Maryamhonni Toshlentdagi politexnika muzeyiga ham olib boribtilar. Qizlari "Tug'ilgan kunimga sovg'a" kitobdagi qahramon singari o'z tug'ilgan kunida dadasi uchun biron ixtiro qilishni niyat qilib qo'yibtilar. Menga o'sha ixtiro tayyor bo'lganda rasmini yuborishlarini va'da qildilar.
Rosa quvondim. Kitobim tufayli bola muzeyga borgan bo'lsa, ixtiro qilishni niyat qilgan bo'lsa bu men uchun juda katta xursandchilik. Katta rahmat!
Bolaga rasmli kitoblarni olib berishga shoshiling.
Rasmda: "Tug'ilgan kunimga sovg'a" kitobidan illustrasiyalar.

Tavsiya: Tolkin

Bolalar adabiyoti olamida bir doho bor - Djon Ronald Ruel Tolkin (John Ronald Reuel Tolkien). Fantasy (o'zbek tilida fentezi?) janri haqida gapirsak, albatta hayolga birinchi bo'lib Tolkin keladi. Uning "Hobbit" asari 1937 yilda nashr etiladi va bolalar adabiyoti dunyosini o'zgartirib yuboradi. Albatta Tolkinga qadar fentezi janrida kitoblar bo'lgan (John Ruskin, William Hodgson, Lord Dunsany va boshqalar), lekin aynan zamonaviy fentezi janrining asoschisi deb Tolkinni aytish mumkin. Umuman dunyodagi fentezi madaniyatiga ta'siri jihatidan Tolkindan kuchlisi yo'q bo'lsa kerak.
Tolkin asarlari yuqori fentezi hisoblanadi. Ya'ni asardagi butun dunyo, uning geografiyasi, tili, qonunlari, hayvonot olami va mantig'i bilan mutloq to'qima va epik bo'ladi.
Tolkin o'zining asarlarida shu qadar mukammal dunyoni yaratganki, unda har bir kichik mikrodetallarning ham ta'rifi va o'rni bor. Syujet qahramonlarining ko'pligi, o'zaro bog'liqligi, asar ichida yaratilgan tarix, to'qima dunyoning mukammal mantig'i o'quvchini kamida lol qoldiradi.
Tolkinning asarlarini o'qishdan ne foyda?
Syujetda ko'pab detallarni bir bog'lamga yig'ib, orasidagi bog'liqlikni anglab, asar ichidagi o'tmish va kelajakni his qilib, ko'plab qahramonlarning o'zaro munosabatlarini va ijtimoiy statuslarini tushunib, to'qima mantiqqa amal qilib asarni o'qish miya tafakkurini keskin rivojlanishiga olib keladi. Miya uchun bunday imkoniyat beruvchi asarlarga misol qilib Dostoyevskiy, Tolstoy, Dikens asarlarini keltirishimiz mumkin.
Tolkin ham miyani keskin rivojlantiruvchi asarlari bilan dunyoni boyitgan.
Yoz kunlari 8 yoshdan katta bolalaringiz uchun Tolkin muallifligida "Hobbit" yoki "Uzuklar Hukmdori" kitoblarini olib bering. Ularni mukofot bilan siylab bo'lsa ham kitobni o'qib chiqishiga undang. Bolangizning baxtli kelajagi uchun sarmoya qilgan bo'lasiz.
Garri Potter bilan Tolkinning biron asari orasida tanlash kerak bo'lsa, bir soniya ham shubha qilmay Tolkin asarlarini tanlang.
Rasmda "Hobbit" asarining ilk nashri.

Kitob bilan zo'r ko'nikmani shakllantiramiz

Har bir ota-ona farzandida "kitob savodxonligi" rivojlanishiga yordam berishi mumkin. "Kitob savodxonligi" bu kitob o'qish emas. Bu harflarni bilish emas. Bu she'rni yoddan aytish ham emas.
"Kitob savodxonligi" deganda kichik yoshdagi bolaning kitobga oid barcha konsepsiyalar haqida bilimlarga ega bo'lishiga aytiladi. Ya'ni bola kichikligidanoq, o'qishni bilmagan davridanoq kitob va unga doir tushunchalar bilan tanish bo'ladi. Bu unga kejajakda kitob bilan "yaqin" bo'lishiga yordam beradi.
Ota-ona farzandida "kitob savodxonligi" rivojlanishi uchun nima qilishi mumkin?
Bola bilan birga quchoqlashib kitob o'qiyotganingizda quyidagi so'zlarni tabiiy ravishda, jarayon davomida qayta-qayta aytib bolaga tanishtiring. Eng kichik yoshdagi bola ham ushbu so'zlarga o'rganib qoladi.
BIRINCHI BET
BET
VARAQ
MUALLIF
MUQOVA
RASSOM
QAHRAMON
NASHRIYOT
KITOBNING OLDI
KITOBNING ORQASI
MATN
MATN BOSHI
MATN OXIRI
BOSH HARF
Bu so'zlarni yodlatish shart emas. Kitob o'qiyotganingizda "birinchi betini ochib ber", "rasmda qahramonni izlab ko'raylik", "muallifning ismi shunday ekan", "bu kitob esa mana bu nashriyot uyida chiqqan ekan", kabi gaplarni suhbat orasiga qo'shib keting.
Natijada, bolada self-confedence (o'ziga ishonch, ma'suiyat) rivojlanadi.

Tirbandlikdagi odat

Tirbandlikda bolajonlaringizni band qilish uchun telefon berib qo'yishga shoshilmang⛔️.
Mashina saloniga 2-3 dona yorqin rasmlarga boy sifatli kitoblardan tashlab qo'ying. Ko'p emas. 2-3 dona.
Bu kitoblarni ora-orada almashtirib turing.
Bola kitobdagi rasmlarni tomosha qilishni boshlaganida, u bilan kitobdagi rasmlar, qahramon va syujet haqida qiziqarli suhbat olib boring. Kulishing!
Ko'pi bilan 3 oyda natijani ko'rasiz. Bolangiz kitoblarga qiziqishni boshlaydi.

Tafakkur va kitob

Psixiatriya professori Daniel J. Siegel bolani miyasini o'rganishda uni yuqori va pastga qismga bo'lish nazariyasini ilgari suradi. Ya'ni yuqori miya tafakkur (tahliliy fikrlash) uchun javob bersa, pastgi miya emotsiya yoki hissiyotlarga javob beradi.
Bola katta bo'layotganida mana shu ikki miyaning o'zaro aloqasi va rivojlanishi muhim.
Agar faqat yuqori miya rivojlansa bola hissiyotsiz, emotsiyasini anglamaydigan robot kabi o'sadi, lekin aqlli bo'lish ehtimoli yuqori bo'ladi. Agar yuqori miyani rivojlantirmasak, u holda hissiyotlarga beriladigan, kalta fahmlik va tafakkur qilishni bilmaydigan bola o'sadi. Mukammal miyada yuqori va pastki qism ham rivojlangan bo'lishi lozim.
Bugun ko'plab bolalar tadrbilari bolaning pastki miyasini rivojlantirishga qaratilgan. Konsertlar, sayllar, shirinliklarga boy bayramlar aynan pastki miyani rivojlantirishga qaratilgan bo'ladi.
Yuqori miya rivojlanishi uchun bola bilan kitob matni haqida suhbat qurish, kitob qahramonlarini muhokama qilish, rasmli kitob birgalikda o'qish, bolaga ertak aytib berish, bola bilan hikoya tuzish kabi faoliyatlarni amalga oshirish lozim.
Yuqori miyasi rivojlanmagan bolalar katta bo'lganida tafakkur qilishda qiynaladilar. Ularda tahlil ishlamaydi. Ularni osongina har xil oqim va mafkuralarga olib ketish mumkin bo'ladi. Ularni juda oddiy va mantiqsiz narsalarga ham ishontirish qiyin bo'lmaydi.
Tafakkur qiluvchi xalqni ko'rmoqchi bo'lsak, bugun bolalar bilan kitob mutolaasini ko'paytirishimiz kerak.

Divergent tafakkur

Divergent tafakkur! Shu haqida eshitganmisiz?
Bu bugungi avlod uchun muhim tafakkurdir. Bugungi global dunyoda yashash uchun bolalarda divergent tafakkurni rivojlantirish zarur.
Divergent tafakkur - bu ko'plab turli xil echimlarni o'rganish orqali kreativ g'oyalarni yaratish uchun ishlatiladigan fikrlash jarayonidir.
Divergent tafakkurga quyidagi misollarni keltirishimiz mumkin:
👉Bolaga bir to'plam kubiklarni berib undan necha xil shakl yasay olishini so'rash va shunga undash. Ko'pchilik kubikdan faqat katak yasaladi deb o'ylaydi, aslida aynan kubiklardan aylana ham yasash mumkin.
👉Bolaga rasm ko'rsatib unga nom berishini so'rash. Divergent tafakkuri rivojlanmagan bola daraxt rasmini ko'rib "daraxt", deya oladi. Tafakkuri rivojlangan holda esa bu kiyim uchun ilmoq yoki osma qandil deyishi ham mumkin.
Albatta divergent tafakkuri rivojlangan bolalar kelajakda muammoni hal qiluvhcilar bo'lib yetishadilar. Ular open-mind, ya'ni bir stereotipik fikrlashga mixlanib qolmagan bo'ladilar. Natijada kreativlik, tanqidiy fikrlash, tolerantlik bunday bolalarda kuchli bo'ladi.
Buyuk olimlar odatda divergent tafakkurga ega bo'ladilar. Ilon Mask bu tafakkurning timsolidir.
Tadqiqodlarning ko'rsatishicha, bolalar uchun yaratilgan rasmli kitoblar divergent tafakkurni rivojlantirishga yordam berar ekan.
Qanday qilib❓
Bola bilan kitobni birga o'qisih, muxokama qilish, kitob qahramonlarining muammolarini hal qilishning boshqa yo'llarini izlash, kitob illustrasiyalarini muxokama qilish va ularni o'zgartirib chizish kabi amaliyotlari divergent tafakkurni rivojlantirishda samarali bo'ladi.
Bola uchun kitob tanlayotganingizda nasihat beruvchi kitoblardan qoching! Yaxshilik va yomonlik haqida emas, balki bolalarning muammolarini, o'y-hayollarini ko'rsatib beruvchi, turli maishiy mavzulardagi kitoblarga ahamiyat bering. Kitob mazmunini albatta bola bilan muxokama qilish. Uni savollar berishga undang. Syujetni o'zgartirsa nima bo'lishi haqida birgalikda o'ylang.
© Changes

Tanishing, Oliver Jeffers!

Bundan oldin yozganmanmi, yo'qmi, lekin men uchun rasmli kitob(picturebook) dohosi Oliver Jeffers hisoblanadi. Uning illustrasiyalari mening e'tiborimni millionlab kitoblar orasidan jalb qila oladi. Huddi Kwentin Blake illustrasiyalari singari. Faqat Kventin Blake turli xil janrlarga illustrasiya yaratsa, Oliver Jeffersning faoliyati asosan rasmli kitob - Picturebooks ga qaratilgan bo'lgani uchun u menga yaqinroq.
Hullas bugun Oliver Jeffersning judolik haqidagi kitobi bilan sizlarni tanishtiromoqchiman. Bu kitob BOLALAR uchun yaratilgan kitob!
Kitobda bolalarning yaqin insoni uni tashlab ketganida qalbidagi kechinmalari, qaysidur man'oda depressiya va umid haqida so'z yuriltilgan. Bolalar kitobining asosiy tamoyilliga asoslangan holda kitob ijobiy yakunlangan.
Kitobda o'lim, depressiya, dard yoki boshqa salbiy va kattalarning so'zlari ishlatilmagan. Bola bu kitob judolik haqida ekanligini balki tushunmaydi ham. Lekin eng muhim narsa shuki, yaqin odamini yoqotgan bola bu kitobni o'zi yoki kattalar bilan o'qiganida unda o'z hissiyotlarini topa oladi. Mana shu narsa Oliver Jeffers kitoblarining mo'jizasidir. O'z hissiyotlarini kitobda topish. Kuchli refleksiya.
Kitobning qisqa mazmuni bilan bo'lishaman. Uni albatta illustrasiyalarga qarab o'qish kerak. Aytganimdek, rasmli kitoblarda matn rasmlarsiz, rasmlar matnsiz "ishlamaydi":
Hammaga o'xshash bir qiz yashagan ekan. U dunyoning barcha ajoyibotlariga qiziqar ekan. Yulduzlarga. Dengizlarga. Osmonlarga. Faqat kreslo bo'shab qolganini ko'rmagunicha.....
O'sha kundan boshlab qiz hech narsaga qiziqmay qoladi. Kreslo bo'shab qolgani uchun qiz hafa bo'ladi va uning uchun eng yaxshi yo'l endi yuragini chetroqqa olib qo'yish bo'ladi. U yuragini olib bir bonkaga solib bo'yniga ilib oladi. Endi qizga hech narsani qizig'i bo'lmaydi. Yulduzlarni ham unutadi. Dengizlarga ham qiziqmaydi. Osmonlarga ham qaramaydi. Bo'ynidagi bonka esa kundan-kunga og'irlashib boraverardi.
Bir kuni unga boshqa bir kichik qiz dunyo ajoyibotlari haqida savol berib qoladi, u esa bu savolga javob topa olmaydi. Javobni topish uchun yuragini bonkadan olib yana joyiga solib qo'ymoqchi bo'ladi-yu, lekin uddalay olmaydi. Shunda bu ishni kichik qiz uddalaydi. Yuragi joyiga qo'yilgach katta qiz yana dunyo ajoyibotlariga qiziquvchan bo'lib qoladi va kreslo endi boshqa
bo'sh bo'lmaydi.
☝️bu matn rasmsiz o'qilganida ma'nosizdek tuyulishi mumkin, lekin Oliver Jeffers illustrasiyalari bu matnni shu qadar boyitib beradiki, ba'zida ko'z yosh chiqarib yuborish ham hech gap emas.
Matn nima haqida:
Qizaloqning yaqin insoni, unga dunyo ajoyibotlarini o'rgatuvchi mehriboni suhbatdoshi uni tashlab ketadi. Qiz tushkunlikka tushadi. Endi unga bu dunyoda hech narsaning qizig'i qolmaydi. U deyarli yuragini o'ldirib qo'yadi (depressiya). Vaqt esa qalbini tuzatmaydim qaytangi dardi yanada chuqurlashib boradi.
Shunda kichik bir qiz uni qutqaradi. Kichik qiz o'zining savollari bilan, o'ziga yordam so'ragani bilan katta qizni dunyoga qayataradi. Uning e'tirboni dunyoning go'zalliklariga qayta qarata oladi. Unga yuragini tiriltirish uchun yordam beradi. Yurak bilan yashash muhim ekanligini eslatadi.
Bu kitob katta muammo haqida juda oddiy tarzda so'zlab bergan. Tushkunlik muammosi mohirona ko'rsatilib berilgan. Bu bolalar adabiyoti! Bu yerda bolaning ko'zi bilan qaraganda kattalarga taaluqli so'z ham, muammo ham yo'q!
Bu kitob bir nechta qatlamga ega bo'lgani uchun o'qilganida bola o'zi uchun, kattalar esa o'zi uchun kerakli ma'nolarni sug'urib oladi.
Eng muhimi! Zamonaviy bolalar adabiyoti bolalarga muammoni hal qilish yo'lini ko'rsata olish kerak. Unday qilish yaxshi, bunday qilish yomon kabi nasihat kitoblar bugungi bolalar uchun kerak emas! Bugun kitoblar bolaga vaziyatdan chiqish yo'lini ko'rsatishi kerak.
Qimmatga o'xshaydigan bo'lsang, seni ajdar yeb qo'yadi, Zumradga o'xshasang, bir sandiq tillang bo'ladi, deya amalda qo'llab bolmaydigan nasihatlar davri o'tmishlarda qolib ketdi❗️
Bugun bolalarga aqlli yondashuv, dono maslahat va chinakam hurmat talab etiladi. Ya'ni "Yomon tarbiya olgan, yomon muhitda o'sgan bola Qimmat taqdirini qaytarmasligi uchun nima qilishi kerak?", degan savolga ANIQ AMALIY YORDAM beruvchi kitoblar kerak.
Oliver Jeffersning barcha kitoblaridagi singari bu kitobda ham bolaga tushkunlikdan chiqish yo'llari mohirona ko'rsatib berilgan.
Oliver Jeffers - zamonaviy bolalar adabiyotining dohosi!
Mualliflik huquqlarini buzmaslik uchun kitobning to'liq ko'rinishi va to'liq matnini bera olmayman. Lekin shu postimda uning naqadar go'zal ekanligini ko'rsata oldim, degan umiddaman.
343949485 153479944355372 4180380586099831724 n343952042 1290871161543183 1343413207772654685 n
343952249 588114306424349 815772056502637275 n343965720 621150936600917 1486517356870752909 n
344004275 1397268787725471 8769582276579390560 n344009142 258689923218789 814956901181311871 n
344096394 214950934594823 2314819865679574314 n
344105823 260618773126557 540219253435123055 n344011821 5968577456570949 4188244878137803442 n
344105823 260618773126557 540219253435123055 n344124056 961629055033386 8918095146357272988 n344265675 1941402312869235 7403426733214985068 n344266549 781035920104061 3007551691475449174 n

"Koreyadagi Bolalar adabiyoti uyushmasi qanday moliyalashtiriladi

Nihoyat ma'lumot yig'a oldim!
Bir muddat oldin hurmatli Саъдулло Қуронов tomonidan bir savol kelgan edi: "Koreyadagi Bolalar adabiyoti uyushmasi qanday moliyalashtiriladi?" Shu ma'lumotni o'zim uchun ham O'zbekiston bolalar adabiyoti kelajagi uchun ham topgim keldi.
Buning uchun Koreyadagi bolalar adabiyoti uyushmasiga a'zo bo'lishimga ham to'g'ri keldi.
Demak, uyushma qanday moliyalashtiriladi?
1. Yillik a’zolik badallari va direktorlar kengashi a’zoligi badali
2. Davlat subsidiyalari va xayriyalar
3. Boshqa daromadlar (bunga loyihalarda qatnashish, davlat buyurtmalarini bajarish, nashr ishlari, jurnal sotuvi, pullik seminar va konferensiyalar o'tkazish va boshqalar kiradi).
Qo'shimcha men topgan va meni hayron qilgan ma'lumotlar:
1. Uyushmaning ma'muriyati 2023 yil hisobiga 45 odamdan tashkil etilgan bo'lib, ularning 90%!!!!! i Universitet yoki ilmiy tekshirish institutida ilmiy ish olib borayotganlardir. Ya'ni uyushmaning ma'muriyati sohadagi ilmiy statusga ega bo'lgan mutaxassislar!
2. Uyushma har kvartalda Koreyada tan olingan va ilmiy darajaga ega hisoblanadigan ilmiy jurnal nashr qiladi. Ilmiy jurnal bolalar adabiyoti va bolalar ta'limini rivojlantirishga bag'ishlangan. Bu yerda bolalarning rivojlanishi va kitobxonligi deganda maktabgacha bo'lgan yoshdan boshlangan davr eng muhim hisoblanadi va ilmiy izlanishlarda asosiy urg'u aynan erta bolalik ya'ni 3-7 yoshga qaratiladi.
3. Uyushma ma'muriyati:
① Uyushma a'zolarining ilmiy tadqiqotlarini ilgari surish uchun muntazam uchrashuvlar va seminarlar o'tkazadi.
② Bolalar adabiyoti ta'limi va erta bolalik ta'limiga oid nashrlarni tahrirlaydilar va nashr etadilar.
③ Pedagoglar uchun seminar va amaliy mashg'ulotlar o'tkazadilar.
④ Mahalliy va xorijiy bolalar adabiyoti ta'limi, maktabgacha yoshdagi bolalar ta'limi va qo'shni davlatlar ilmiy tashkilotlari bilan hamkorlik qiladilar.
4. Uyushma ma'muriyati, rahbariyati saylov asosida har 2 yilda o'zgaradi.
5. Uyushma pullarini taqsimlanishi va ishlatilishi borasida kuchli audit nazorat o'rnatiladi va ochiq hisobot beriladi.
6. IBBY ning Koreya bo'limi boshlig'i ham uyushma boshqaruvchilaridan biri hisoblanadi.
Eslatib o'taman, Janubiy Koreyaning bolalar adabiyoti industriyasi keskin rivojlangan, jahonda tan olingan va yildan-yilga xalqaro miqyosda ko'plab mukofotlarni qo'lga kiritib kelayotgan holatdadir!
Rasmda Koreyada chiqqan bolalar kitobi: tahminiy tarjimasi: "Yordam kerak"

Kitob do'koni